O‘quv yili yakunlari arafasida Namangan viloyatidagi 2- va 86-sonli, Xorazm viloyatidagi 30-sonli, Buxoro shahridagi 13-, 31- va 43-sonli, Sirdaryo viloyatidagi 25-sonli, Navoiy viloyati Konimex tumanidagi 1-, 7-, 9- va 22-sonli, G‘ozg‘on shahridagi 1- va 2-sonli hamda Nurota tumanidagi 7-sonli, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi 42-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktablarida “Ombudsman soati” darslari tashkil etildi.
Erkin muloqot shaklida o‘tgan darslarda yuqori sinf o‘quvchilariga inson huquq va erkinliklarining mazmun-mohiyati, qadr-qimmati, shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari hayotiy misollar yordamida tushuntirildi. Shuningdek, Ombudsmanlar hayotiy vaziyatlarda inson huquqlarini himoya qilishga qanday yordam berishi mumkinligi haqida o‘quvchilarga videoroliklar asosida interaktiv usulda maʼlumotlar berildi.
Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar o‘zaro savol-javoblar va qizg‘in muhokamalarga boy tarzda o‘tdi. O‘quvchilar ishtirokida o‘tkazilgan rolli o‘yinlar yordamida “Ombudsman dars”lari yana-da esdaqolarli bo‘ldi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati