Seminarga trener sifatida Finlyandiyaning Adliya kansleri o‘rinbosari Mikko Pumalaynen jalb etildi. Inson huquqlari sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan xorijlik trener ishtirokchilarni fuqarolar murojaatlari bilan ishlash mexanimzmalari, Finlyandiya Adliya kansleri va Parlament Ombudsmanining huquq va vakolatlari, jamoatchilik bilan ishlash tartibi kabi yo‘nalishlardagi tajribasi bilan tanishtirdi. Seminarda O‘zbekistonda ham xalq bilan muloqot qilish, ular murojaatlarini qabul qilish borasida yangi mexanizmlarining joriy etilgani alohida qayd etildi.
Mikko Pumalaynen, Finlyandiyaning Adliya kansleri o‘rinbosari
Dunyoda Ombudsman institutlari jamiyatlarning taraqqiy etishi, qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarorlar huquqlarining taʼminlanishida muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekistonlik hamkasblarimizga inson huquqlari sohasidagi Finlyandiya tajribasini o‘rganishga qiziqish bildirganliklaridan xursandmiz. Shaxsan o‘zim aholining shikoyatlari bilan ishlayman, sudlar va davlat organlari faoliyatining qonunlarga muvofiqligini tekshiraman. Seminarda albatta o‘z tajribalarim orqali ko‘plab foydali maʼlumotlarni berishga harakat qilaman. O‘zbekiston Ombudsmani ham fuqarolar murojaatlari bilan ishlash borasida o‘ziga xos tajribaga ega. Masalan biz faqat yozma murojaatlarni ko‘rib chiqamiz, arizalarning 80 foizi elektron pochta orqali olinadi. Alohida fuqarolar qabullari o‘tkazilmaydi. O‘zbekiston tajribasida esa fuqarolar murojaatlarini qabul qilish borasida ko‘plab imkoniyatlar mavjud.
Qayd etish lozimki, Finlyandiya Adliya kansleri tashkiloti mansabdor shaxslar, jumladan, vazirlar, sudya va prokurorlar ustidan kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqadi. Qonunga xilof ishlaganlikda gumon qilingan mansabdor shaxslar ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atishi ham mumkin. Shuningdek Adliya kansleri sudlar va boshqa sud organlarining xolis va qonuniy faoliyat olib borishi ustidan sud nazoratini ham olib boradi.
Erkin muloqot shaklida tashkil etilgan seminar-trening munozarali savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati