Murojaatga ko‘ra, fuqaro B.N. tuman IIB profilaktika inspektori va mahalla vakillari bilan hamkorlikda qonunga zid ravishda Qo‘qon shahrida joylashgan viloyat 2-sonli ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.
Murojaat Vakil nazoratiga olinib, holat Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi.
Mintaqaviy vakil fuqaro B.N. bilan uchrashganda u ruhiy kasalliklar shifoxonasiga ko‘rikdan o‘tkazish uchun joylashtirilishida rozilik xatiga imzo qo‘ymagani, shunga qaramasdan uni shifoxonaga joylashtirishgani va 3 kun davomida ko‘rikdan o‘tkazishgani hamda sog‘lom bo‘lganligi sababli javob berib yuborishganligini maʼlum qilgan.
Murojaat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida fuqaro B.N.ning so‘zlari tasdiqlandi. Yaʼni, shifoxona qabulxonasida davolanishi uchun olingan rozilik tilxatida uning imzosi bo‘lmaganligi, shunga qaramasdan uning ruhiy holatini tekshirish uchun qabul qilgan vrach A.Jo‘rayev tomonidan shifoxonaga joylashtirilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganligi aniqlandi.
O‘rganish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasi 2-qismida psixiatriya tekshiruvi tekshirilayotgan shaxsning maʼlumotlarni bilgan xolda tekshiruv o‘tkazilishiga ixtiyoriy roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshirilishi talablari buzilganligi maʼlum bo‘ldi.
Shundan so‘ng, Ombudsman tomonidan qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish va bu kabi holatlarni boshqa takrorlanmasligi uchun tegishli choralarni ko‘rish bo‘yicha Farg‘ona viloyat 2-sonli ruhiy kasalliklar shifoxonasiga Ombudsman xulosasi kiritildi.
Ombudsman xulosasiga ko‘ra, shifoxonaning navbatchi vrach-psixiatri A.Jo‘rayevga o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondoshgani uchun “hayfsan” berilgan. Qonun buzilish holatlari qayta takrorlanmasligi bo‘yicha masʼullar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, shifokorlar ogohlantirilgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati