Dastlab, Nukus shahrida joylashgan 2-son Tergov hibsxonasida mahbuslarga yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Qayd etish lozimki, 2023 yilning noyabr oyida mazkur hibsxonada o‘tkazilgan monitoring tashrifida aniqlangan holatlar yuzasidan Ichki ishlar vazirligiga Ombudsman xulosasi kiritilgan edi. Ushbu xulosaning ijro etilishi joriy yil boshida o‘rganilganda hibsxonada saqlanayotgan shaxslar uchun ajratilgan yuvinish xonalarida joriy taʼmirlash ishlari olib borilayotgan edi. Shuningdek, sunʼiy shamollatish tizimi (ventilyatsiya) yangidan qurilgan, yuvinish xonasining sanitariya-gigiyena holati tibbiyot bo‘limi xodimlari tomonidan qatʼiy nazoratga olingan va yoritish chiroqlari zamonaviylariga almashtirilgan edi.
Bu galgi o‘rganishlarda mazkur xulosada nazarda tutilgan boshqa tavsiyalarning bajarilishiga eʼtibor qaratildi. Jumladan, hibsxonaning xo‘jalik ishlariga jalb qilingan mahkumlarga yaratilgan sharoitlarini yaxshilash, uzoq muddatli uchrashuv xonalarini tashkil etish kabi masalalar o‘rganildi. Ombudsman vakillariga maʼlum qilinishicha, Ombudsman xulosasiga ko‘ra loyiha smetasi ishlab chiqilgan, lekin, pul mablag‘lari ajratilmagani uchun qurilish ishlari hali boshlanmagan.
Monitoring tashrifida hibsxonada saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi holatlari o‘rganildi va tegishli tavsiyalar berildi.
Joriy yilning mart oylarida Ombudsman tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy, amaliy tibbiyot markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy filialining tumanlararo punktida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha xulosa kiritilgan edi.
Maʼlumot uchun, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etib kelinmoqda.
Keyingi manzil, Chimboy tumanidagi “Muruvvat” erkaklar internati bo‘ldi. Monitoringda ushbu muassasada yashaydigan shaxslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish va boshqa sharoitlari o‘rganildi. Shuningdek, kutubxona va sport zallari ham ko‘zdan kechirildi.
Monitoring doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Ijtimoiy himoya agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi boshqarmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan “Muruvvat” internat uyida yashayotganlar uchun konditsioner, 6 ta nogironlik aravachasi va turli sovg‘alar topshirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashkil etilgan monitoring tashriflari doirasida Ellikqalʼa tumanida joylashgan Respublika 2-sonli ruhiy asab kasalliklari dispanseri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Jamoat xavfsizligi xizmati, Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi Maxsus qabulxonasi hamda Doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar uchun reabilitatsiya markazidagi sharoitlar ham o‘rganildi.
Monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli davlat tashkilotlariga tavsiyalar kiritiladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati