Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
"O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi
2024-yilning 23-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.  

Ta’kidlash lozimki, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonuni 1997-yil 24-aprelda qabul qilingan. Shundan so‘ng, 2004 va 2017-yillarda yanada takomillashtirilgan.  

Ma’lumki, Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklariga e’tibor mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Mazkur islohotlarga hamohang tarzda Ombudsman institutining faoliyat yo‘nalishlari ham takomillashib bormoqda.  

Ma’lumki, o‘tgan yillar mobaynida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan qator muhim hujjatlar qabul qilindi. Xususan, 2021-yilning 26-iyunida qabul qilingan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori bilan Ombudsman huzurida Jamoatchilik guruhlarini tuzish va ularga yopiq muassasalarda qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflarini muntazam ravishda amalga oshirish vazifasi yuklatildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-sentabrdagi Farmoniga muvofiq 2022-yildan Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari doimiy asosda faoliyat yurita boshladi, murojaatlar bilan ishlash tizimi raqamlashtirilib, fuqarolarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratildi. Konstitutsiya asosida Ombudsmanga qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida parlament quyi palatasiga kiritish huquqi berildi.  

O‘z-o‘zidan ushbu islohotlar “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi qonunni, yuqoridagi hujjatlar asosida yanada takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirdi.  

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan qonun loyihasi 9 bob, 56 moddadan iborat. Qonun loyihasi bilan Ombudsmanning institusional asoslarini mustahkamlash maqsadida xalqaro tajribani o‘rgangan holda unda Ombudsman o‘z oldida turgan vazifalarini moneliksiz va samarali amalga oshirishi uchun qo‘shimcha kafolatlar belgilanmoqda. 

Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonida birinchi o‘qishda qabul qilindi. 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati