Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Respublikamiz bo‘ylab odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi
Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan 30-iyul – “Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni” deb e’lon qilingan. Sababi dunyodagi barcha mamlakatlar odam savdosidan jabrlanishadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, odam savdosi qurbonlarining 71 foizini ayollar va bolalar tashkil etadi.

Shundan kelib chiqib, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan sana munosabati bilan respublikamiz hududlarida odam savdosiga qarshi kurashish va  munosib mehnat sharoitlarini yaratish bo‘yicha fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etildi. 30 kun davomida o‘tkazilayotgan ushbu davra suhbatlari Ombudsmanning mintaqaviy vakillari tomonidan Andijon, Navoiy, Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlarida o‘tkazildi. 

"Odam savdosiga qarshi kurashish" mavzusi doirasidagi ushbu ochiq muloqotlarda viloyatlardagi bir qancha tashkilot va NNT xodimlari, mahallalardagi fuqarolar qamrab olindi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar fuqarolarga odam savdosi va noqonuniy migratsiya oqibatlari, mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashish hamda qonuniylikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar haqida atroflicha ma’lumotlar berishdi. Shuningdek, uchrashuvlarda bugungi kunda ko‘proq bolalar va ayollar odam savdosi qurboniga aylanib qolayotganligiga alohida urg‘u berildi. 

2024-yilning 29-iyul kuni Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyasi, Ichki ishlar vazirligi, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilotning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda 30-iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan "Odam savdosiga qarshi kurash: milliy yondashuvlar va xalqaro standartlar" mavzusida konferensiya o‘tkazildi. Unda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova ma`ruza bilan ishtirok etdi. 

Ma`lumki, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya a’zosi hisoblanadi.  

Hozirda odam savdosiga qarshi kurashish va bunday noxush voqealarni oldini olish global ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, yurtimiz bo‘ylab “30 kun odam savdosiga qarshi” aksiyasi doirasida aholi bilan davra suhbatlari o‘tkazishga qaratilgan marafonga start berilgan. 

Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan o‘tkazilgan ochiq muloqotlar o‘zaro savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati