Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
"O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida" gi qonun loyihasi jamoatchilik bilan muhokama qilindi
2024-yilning 31-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun loyihasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Mazkur qonun loyiha Qonunchilik palatasi deputatlari, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman), Bola huquqlari bo‘yicha vakil, davlat organlari va idoralari, qonun loyihasi bo‘yicha ishchi guruh aʼzolari, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.

Ushbu qonun loyiha 9 bob va 56 moddadan iborat bo‘lib, uning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) institutining inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha inson huquqlari sohasidagi ahamiyatini yana-da oshirish, Ombudsman faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlash borasidagi Ombudsmanning vakolatlarini hamda uning hududlardagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek qiynoqqa solish hamda boshqa g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalaning oldini olishdagi faoliyatini kuchaytirishdan iboratdir.

Taʼkidlanganidek, mazkur qonun loyihasi bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan.

Tadbirda ishtirokchilar qonun loyihasining mazmun-mohiyati, uning zarurati va ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdilar va o‘z takliflarini bildirdilar.

Qayd etish lozimki, mazkur qonun loyihasini tayyorlashda 30 dan ortiq davlatlarning, jumladan Finlyandiya, Polsha, Bolgariya, Vengriya, Serbiya, Gretsiya, Ispaniya, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Armaniston, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa davlatlarning shu sohadagi qonunchiligi atroflicha o‘rganildi.

Shuningdek, muhokamalarda ushbu qonun loyihadagi yangi normalar haqida so‘z yuritildi. Xususan, unda inson huquqlarini himoya qilishda ahamiyatga ega bo‘lgan samarali mexanizmlar aks ettirilganligi alohida taʼkidlandi.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan asosli takliflar qonun loyihasini maromiga yetkazishda inobatga olinishi kelishib olindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati