Murojaatda 549 nafar ishchilarning manfaatida 24 nafar fuqaro Navoiy viloyatidagi issiqlik ta’minoti korxonasi hamda 8 nafar fuqaro Toshkent shahridagi qurilish korxonasi ustidan shikoyat qilishgan. Ma'lum qilinishicha, ish faoliyatini yakunlagan ishchilarning ish haqlari va boshqa to‘lovlar to‘lab berilmagan. Korxona rahbariyati mazkur holatning yuzaga kelishiga korxonadagi moliyaviy qiyinchiliklar sabab qilib ko‘rsatgan. Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olingan holda joyiga chiqib o‘rganilib, natijada keltirilgan vajlar o‘z tasdig‘ini topdi.
O‘rganish yakunlariga muvofiq, Ombudsman tomonidan tegishli ta’sir choralari kiritildi. Natijada 581 nafar ishchining 850 mln so‘mga yaqin ish haqlari to‘liq undirib berildi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 244-moddasiga binoan ish beruvchining o‘z moliyaviy ahvolidan qat’iy nazar, qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlariga muvofiq xodimlar tomonidan bajarilgan ish uchun haq to‘lashni amalga oshirish majburiyati belgilangan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati