Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Mehnat huquqlari buzilgan fuqaro Ombudsmanga murojaat qildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga) Andijon viloyatida yashovchi fuqaro B.M. ish beruvchi tomonidan kasallik vaqtida belgilangan oylik maoshi to‘lanmayotganligi bo‘yicha shikoyat qildi.

Murojaatchining qayd etishicha, u ip yigirish xususiy korxonasida ishlab kelgan. U 2024-yil 13-aprel kuni ish joyida jiddiy jarohat olib, sog‘lig‘iga ta’sir qilgan hamda mehnatga layoqatsiz, deb topilgan. Unga kasallik vaqtida belgilangan oylik maoshlari va boshqa to‘lovlar korxona tomonidan to‘lab berilmagan.

Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, ushbu holat Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda joyiga chiqqan holda o‘rganildi.

Murojaatning o‘rganilishi natijasida fuqaro B.M. foydasiga korxona tomonidan uning kasallik vaqtidagi 38 mln.so‘m miqdorida oylik maoshi va sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya pullari to‘liq undirib berildi. Bundan tashqari, murojaatchining 2-guruh nogironligiga o‘tkazilishida ko‘maklashildi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 25-moddasiga muvofiq, ish beruvchi xodimlarning ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalardan va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasini hamda ish beruvchining fuqarolik javobgarligi majburiy sug‘urtasini ta’minlashi, shuningdek, o‘z mehnat majburiyatlarini bajarganligi munosabati bilan xodimlarga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda hamda shartlarda qoplashi belgilangan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati