Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining ekspertlik guruhi aʼzolari, Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi hamda Parlament tatqiqotlari institutining masʼul xodimlari ishtirok etgan navbatdagi Ishchi guruh yig‘ilishida qonun loyihasi moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida qo‘mitaga mazkur qonun loyihasi yuzasidan Qonunchilik palatasi qo‘mitalari, inson huquqlari sohasida faoliyat olib borayotgan bir qator fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan loyihani yana-da takomillashtirishga qaratilgan 60 ga yaqin takliflar kelib tushgan.
Qonun loyihasi bilan Ombudsmanning Oliy Majlis palatalariga hisobot berish instituti bekor qilinmoqda. Yangi maxsus maʼruza instituti kirib kelmoqda. Bunda, Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oliy Majlis palatalariga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus maʼruza taqdim etishga haqli ekanligi belgilab qo‘yilmoqda.
Maxsus maʼruza insonning buzilgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklash bo‘yicha xulosa yoki takliflardan iborat bo‘ladi.
Yig‘ilishda deputatlar tomonidan maxsus maʼruza taqdim etilgan subyektlar tomonidan uni ko‘rib chiqilishi va muddatlari kafolatlarini belgilab qo‘yish taklifi ilgari surildi va masʼul qo‘mitaga ushbu normani takomillashtirish vazifasi berildi.
Bundan tashqari, loyihaga Ombudsman tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi alohida bob kiritilib, unda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartiblari, shu bilan birga, Ombudsmanning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishdagi huquqlari hamda murojaatlarni ko‘rib chiqishda inson huquqlari himoya qilinishi kafolatlari aks etmoqda.
Yig‘ilish yakunida masʼul qo‘mitaga loyihadagi moddalar va ulardagi normalarni boshqa qonunchilik hujjatlari bilan muvofiqlashtirish, yuridik texnik jihatdan ko‘rib chiqish, ayrim moddalarni yana-da takomillashtirish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Loyihani takomillashtirish ishlari davom etmoqda.