Qolaversa, 2024 yilning 7 avgust kuni Davlat rahbari tomonidan «O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni eʼtirof etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni imzolandi. Maʼlumotlarga ko‘ra, hozirda huquqiy hujjatlari yo‘q yoki to‘liq bo‘lmagan 3 million 600 mingdan ortiq yer uchastkalari mavjud. Ushbu Qonunning qabul qilinishi fuqarolarga g‘amxo‘rlik va ularni ijtimoiy qo‘llab quvvatlanayotganliklarining yorqin ifodasidir. Qayd etish lozimki, mamlakatimizda avval ham o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalariga “amnistiya” eʼlon qilingan edi.
Shundan kelib chiqib, 2024-yilning 21-avgust kuni ushbu masalalar bo‘yicha aholining huquqiy xabardorligini oshirish maqsadida Norin tumanining “Katta O‘lmas”, “Yettiqashqa”, “Yashik” mahallalarida yashovchi aholi uchun “Ombudsman maktabi” tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirga Xalq deputatlari Norin tumani Kengashi kotibiyati, Davlat kadastlar palatasining Namangan viloyati boshqarmasi, Namangan viloyati Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi boshqarmasi, tuman Adliya bo‘limi boshlig‘i, Ijtimoiy himoya agentligining Namangan viloyati boshqarmasi, tuman hokimligi hamda “Yuksalish” umummilliy harakatining Namangan viloyati bo‘linmasi vakillari ham jalb qilindi.
Savol javoblarga boy tarzda o‘tgan tadbirda aholi «O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni eʼtirof etish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining ahamiyati, huquqlarni eʼtirof etishning asosiy shartlari, kerakli hujjatlarni to‘plash va rasmiylashtirish tartibi, ushbu yo‘nalishda jamoatchilik nazoratini o‘rnatilishi va Qonunning boshqa muhim jixatlari haqida xabardor qilindi.
Fuqarolar bilan bo‘lgan ochiq muloqotda Ombudsmanga ushbu hududdan yuborilayotgan murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, ishtirokchilarning pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya to‘lovlari va boshqa to‘lovlarni tayinlash hamda aholini ijtimoiy qo‘llab quvvatlashga oid savollariga batafsil javob berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati