Tashrif davomida mahkum va mahbuslarga yaratilgan sharoitlar, jumladan, oshxona, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va tibbiy xizmatdan foydalanish holatlari hamda xo‘jalik ishlariga jalb etilgan mahkumlarning mehnat sharoitlari o‘rganildi.
Shu bilan bir qatorda, hibsxonada saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy tartibda suhbatlashildi. Ombudsmanning Sirdaryodagi mintaqaviy vakiliga yakka tartibda murojaat qilish istagida bo‘lgan 10 nafarga yaqin mahkum murojaatlari holi tarzda qabul qilindi. Sayyor qabul jarayonida nikohni qonuniy rasmiylashtirish, o‘talmay qolgan jazo muddatini yashash manziliga yaqin koloniyaga ko‘chirish, sud jarayonida mintaqaviy vakilning kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi va boshqa mazmundagi murojatlar kelib tushdi.
Shuningdek, “Ombudsman quti”siga tashlangan murojaatlar ham qabul qilinib, ariza mualliflari bilan yakka tartibda suhbatlashildi.
Monitoringda qabul qilingan barcha murojaatlar nazoratga olinib, ularni ko‘rib chiqish choralari ko‘rildi.
Jumladan, mazkur hibsxonada saqlanayotgan J.K.ning nikohini qonuniy rasmiylashtirish bo‘yicha murojaati ijobiy hal etildi. Ularning nikohi Yangiyer shahar FHDYO bo‘limi orqali rasmiylashtirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati