Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquqlarini taʼminlashda giyohvandlikka qarshi kurash: xalqaro hamkorlik va yaxlit yondashuv
Joriy yilning 4-sentabr kuni BMT bosh-shtab kvartirasida  Rossiya, Xitoy, O‘zbekiston, Misr, Pokiston, Singapur doimiy vakolatxonalari hamda BMTning giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hamkorligida inson huquqlarini taʼminlashda giyohvandlikka qarshi kurashish, giyohvandlik muammosini hal etish va unga qarshi kurashishda yagona va yaxlit yondashuvga bag‘ishlangan maxsus tadbir tashkil etildi.

60 dan ortiq aʼzo mamlakatlar delegatsiyalari qamrab olgan mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) F.Eshmatova ham ishtirok etdi.

Tadbirda qayd etilishicha, giyohvandlik muammosini hal etish va unga qarshi kurashish inson huquqlarini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega. Bu kurash jamiyatda sog‘lom, xavfsiz va barqaror muhitni yaratishga xizmat qiladi. Giyohvandlik odamlarning jismoniy va ruhiy sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazish bilan birga jinoyatchilik va ijtimoiy muammolarni kuchaytirishi mumkin. Ayniqsa uning yoshlar orasida avj olishi ularning taʼlim olish huquqiga va shaxsiy rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.

Shu nuqtai nazardan mazkur tadbirda BMTga aʼzo davlatlar o‘rtasida giyohvand moddalar bilan bog‘liq global muammoni hal qilish va unga qarshi kurashishning samarali strategiyalari bo‘yicha muloqot qilindi.

Maxsus tadbirda so‘z olgan Ombudsman F. Eshmatova o‘z nutqida 2024-yil 4-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston tashabbusi hisoblangan «Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etishda yagona front bo‘lib hamkorlik qilishga tayyorligi» to‘g‘risidagi rezolyutsiyaning barcha aʼzo davlatlar uchun muhimligiga eʼtibor qaratdi. Shuningdek, ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024 — 2028 yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiyaga to‘liq mos kelishi qayd etildi.  O‘zbekiston «Barcha saʼy-harakatlar inson qadri uchun» degan ustuvor g‘oya asosida aholida ularni isteʼmol qilishga nisbatan “immunitet”ni shakllantirish orqali aholimizga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etish, fuqarolarning sifatli tibbiy yordam olish huquqini taʼminlash, giyohvandlikka chalingan bemorlarni jahon standartlari asosida tibbiy-davolanishini tashkil etish bo‘yicha barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda.-dedi Ombudsman.

Maʼlumot uchun: Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) o‘z faoliyati davomida BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasining Markaziy Osiyo mintaqasidagi vakili bilan hamkorlik qilib keladi.

Tadbirda shuningdek Kuba, AQSH, Shveysariya, Qozog‘iston, Xitoy, Misr, Nigeriya, Eron va Tojikiston vakillari ham so‘z olib, o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tishdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati