Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Uy-joy sotib olishda nimalarga e’tibor qaratish lozim?
Yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan sotib olmoqchimisiz? Unda bu rolikni albatta oxirgacha tomosha qiling. Chunki hozirda Ombudsmanga fuqarolardan qurilish tashkilotlari bilan rasmiylashtirilgan shartnomalar o‘z vaqtida va to‘liq hajmda bajarilmaganligi bo‘yicha ko‘plab shikoyatlar kelib tushmoqda. 

Qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan ayrim tadbirkorlik sub’yektlari turli bahonalar bilan qurilish ishlarini xattoki bir necha yillarga kechiktirayotgani yoki ayrim hollarda fuqarolarning firibgarlar tuzog‘iga ilinish holatlari ham uchrab turibti. Mana shunday holga tushib qolmaslik uchun ba’zi tavsiyalarimizga quloq tuting. 

Avvalambor, quruvchi kompaniya ishonchli va qonuniy faoliyat yuritayotganini bilish uchun, undan  

  • qurilish firmasining guvohnomasi va ustavi 
  • yerni auksionda yutib olinganlik bayonnomasi 
  • qurilish loyihasini shaharsozlik kengashidan o‘tkazilganligi va kelishganligi haqidagi hujjat 
  • qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan qurilishni boshlashga oid berilgan ruxsatnomani talab qilishingiz zarur. 

✔Agarda ushbu hujjatlar sizga taqdim etilsa, demak qurilish kompaniyasi qonuniy faoliyat yuritmoqda! 

Shuningdek, qurilish kompaniyasini O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining mc.uz elektron platformasidan ro‘yxatdan o‘tgan yoki o‘tmaganligini tekshirib ko‘rishingiz ham mumkin. 

Kerakli hujjatlar bilan tanishdingiz endi navbat sotuvchi va sotib oluvchi o‘rtasida tuziladigan shartnomaga. Bu juda muhim! 

Chunki, ayrim  shartnomalarda taraflar javobgarligining to‘liq belgilanmasligi, qurilish muddatlarining kechiktirilishi mumkinligi va shunga o‘xshash korxona manfaati ko‘zlangan bandlar ham uchramoqda. Bunday vaziyatda sotib oluvchi sud orqali bir necha yil avval to‘lagan pulinigina qaytarib olishi mumkin xalos. Uy-joylar narxini oshib borishini hisobga olsak, ushbu mablag‘ anchagina qadrsizlangan bo‘ladi.  

Shuning uchun shartnomani imzolashdan avval, yuristlar bilan maslahatlashing, unda har ikkala tomon manfaati va javobgarligi belgilangan bo‘lishi kerak. Har bir bandni o‘zingiz ham o‘qib chiqing. Agar Sizga shartnoma boshqa tilda taqdim etilsa, o‘zbek tilida berilishini talab qilishingiz mumkin. 

Qolaversa, shartnomada kvartiraning necha kv.m ekani, har bir kv.m uchun qancha haq to‘lanayotgani, qaysi qavatda joylashgani, kredit to‘lovlari foizi, qurilish qachon tugashi, qurilish tugaganidan keyin mulk huquqini beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish muddati kabilar ko‘rsatilishi lozim. 

Orzuyingizdagi uyga hech qanday nizolarsiz ega bo‘lmoqchi bo‘lsangiz, albatta tavsiyalarimizga amal qiling.  

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati