Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qashqadaryo viloyatidagi qator harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalardagi sharoitlar o‘rganildi
2024 yil 3 oktyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyati xodimlari hamda uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha Jamoatchilik guruhi aʼzolari Qashqadaryo viloyatidagi qator harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarga monitoring tashrifini amalga oshirishdi. Dastlab, Qarshi shahrida joylashgan 2-son jazoni ijro etish koloniyasidagi sharoitlar o‘rganildi.

Monitoring davomida mahkumlarning yashash joylari, yuvinish xonalari, tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘limi, oshxona, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash xonasi va sayrgohdagi sharoitlar ko‘zdan kechirildi.

Shu bilan bir qatorda, 27-oktyabrda o‘tkaziladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlar saylovi munosabati bilan mazkur muassasalarda tashkil etilgan saylov uchastkalari va saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishildi. Ayniqsa, ushbu uchastkalarda nogironligi bo‘lgan shaxslarga teng imkoniyatlar yaratilishi lozimligi taʼkidlandi.

Shu kunning o‘zida 3 va 10-son jazoni ijro etish koloniyalari hamda 5-son tergov hibsxonasiga ham monitoring tashrifi amalga oshirildi.

Monitoring tashriflarida penitensiar muassasalarga o‘rnatilgan “Ombudsman quti”lari ham ko‘zdan kechirilib, mahkum va mahbuslar murojaatlari qabul qilindi hamda ariza mualliflari bilan yakka tartibda uchrashildi. Shuningdek, mahkum va mahbuslar bilan jamoaviy suhbatlar ham o‘tkazilib, ularning muassasadagi sharoitlar haqidagi fikrlari o‘rganildi.

O‘rganish yakunlariga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etilishi bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsman tavsiyalari kiritiladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati