Afsuski, Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlarda ayni masalalar ham ko‘tarilib turibdi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 42-moddasiga ko‘ra, xomiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlangan.
Qolaversa, O‘zbekiston Respubliksi Mehnat kodeksining 405-moddasiga muvofiq, bolani parvarishlash taʼtillari davrida ayolning ish joyi (lavozimi) saqlanishi belgilangan.
Murojaatdagi holatda fuqaroning mehnat huquqlari qo‘pol ravishda buzilgan. Birinchidan tug‘ruq taʼtilidan qaytgan xodim faoliyatini avvalgi lavozimida davom ettirishi kerak edi. Qonunchilikka ko‘ra, uning ish joyi (lavozimi) boshqa xodimga berilishi mumkin emas.
O‘zbekiston Respubliksi Mehnat kodeksining 558-moddasida mehnat shartnomasini bekor qilish asoslaridan qatʼi nazar, ishga tiklash to‘g‘risidagi, mehnat shartnomasini bekor qilish sanasini va asoslari taʼrifini o‘zgartirish haqidagi, majburiy progul yoki kam haq to‘lanadigan ish bajarilgan vaqt uchun haq to‘lash to‘g‘risidagi yakka tartibdagi mehnat nizolari bevosita sudda ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Esda tuting, ishga tiklash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha sudga murojaat qilish muddati — xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi ish beruvchi buyrug‘ining ko‘chirma nusxasi topshirilgan kundan eʼtiboran uch oyni tashkil etadi.
Mehnat kodeksining 562-moddasiga muvofiq, xodimlar yakka tartibdagi mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan talablar bo‘yicha sudga murojaat etganda sud xarajatlaridan yaʼni davlat bojidan ozod qilinadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati