Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga 2024 yilning 9 oyligida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar va ularni ko‘rib chiqish natijalariga bag‘ishlangan
BRIFING

2024 yilning 9 oyligida Ombudsmanga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 14 172 ta murojaat  kelib tushdi.

Murojaatlarning 40 tasi belgilangan tartibda anonim deb topilgan.

Jami murojaatlarning 27,2 % ijtimoiy, 24,7 % iqtisodiy, 17,2 % shaxsiy huquqlarga, 13,6 % harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda ushlab turilgan shaxslar huquqlarini taʼminlashga, 10,5 % fuqarolik va murojaat qilish, 1 % bola huquqlari va 1% ekologik huquqlarga va 4,5 % boshqa masalalarga oid.

Murojaatlar gender belgilariga ko‘ra tahlil qilinganda, jami murojaatlarning 44,3 % xotin-qizlarga, 55,7 % erkaklarga to‘g‘ri keladi.

Ombudsman va uning Kotibiyati xodimlari tomonidan respublika bo‘ylab 75 marotaba sayyor qabullar tashkil etildi.

Eng ko‘p murojaatlar Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahridan kelib tushgan bo‘lsa, eng kam murojaatlar Navoiy, Sirdaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga to‘g‘ri keladi.

Hisobot davrida Ombudsman tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan davlat tashkilotlari yoki mansabdor shaxslarga 103 ta taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritildi.

Ombudsman tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida undirilgan hamda undirish belgilangan jami mablag‘lar 2 mlrd 414 mln so‘mdan ortiqni tashkil etdi. Shundan, 1 mlrd 61 mln so‘mi fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlariga oid.

Fuqarolarning qarzdorligi, sog‘lig‘iga yetkazilgan zararlar, moddiy va maʼnaviy zararlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar oqibatida yuzaga kelgan huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq murojaatlar o‘rganilishi natijasida jami 770 mln. 275 ming so‘mdan ortiq mablag‘lar fuqarolar foydasiga undirildi.

Ombudsman so‘roviga asosan, xotin-qizlarning voyaga yetmagan farzandlari taʼminoti uchun 286 mln 477 ming so‘mdan ortiq aliment to‘lovlari undirilishi taʼminlandi. Aliment to‘lashdan bosh tortgan 8 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, 5 ta holatda esa jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, 18,4 mln so‘m miqdorida kommunal qarzdorlikning so‘ndirilishida, 51 mln so‘mlik turli jarimalarning bekor qilinishida ko‘maklashildi.

5 nafar fuqaro turar joyga nisbatan xususiylashtirish ishtirokchilari deb topildi. 2 nafar murojaatchining mulkiga va bank kartasiga qo‘yilgan taqiq yechildi.

Bundan tashqari, 1 ta holatda sud qarori ijrosi taʼminlashi oqibatida yer uchastkasi dastlabki holatiga qaytarilishi taʼminlandi hamda Ombudsman so‘rovi natijasida Toshkent shahar hokimligi tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarni oldingi holatiga qaytarilishi yuzasidan sudga daʼvo ariza kiritildi.

Shuningdek, fuqarolar murojaatiga asosan 2 ta noqonuniy qurilish ishlari to‘xtatilishi taʼminlandi.

50 nafarga yaqin fuqaroning ish joyi saqlanib qolindi va ishga tiklandi, 5 nafar fuqaro bandligiga ko‘maklashildi.

Ombudsman taqdimnomasiga ko‘ra, Mehnat qonunchiligini buzganligi sababli 7 nafar masʼul egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 4 nafari maʼmuriy javobgarlikka tortilgan, 9 nafariga esa “hayfsan” berilgan. 5 ta holatda ish beruvchining xodimga nisbatan noqonuniy hatti-harakatlari bartaraf etildi.

Ombudsmanning so‘roviga asosan Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan sudlarga ishga tiklash va ish haqini undirish yuzasidan 5 ta daʼvo ariza kiritildi.

5 ta holatda fuqarolarning pensiya olish huquqi taʼminlandi, 3 nafar ayolga bola pullari tayinlandi.

5 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarning nogironlikni belgilash va ijtimoiy yordam olish bo‘yicha murojaatlari ijobiy hal qilindi. 13 nafar fuqaro “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritildi.

Sog‘liqni saqlash yo‘nalishida – 20 nafar fuqaroga tibbiy ko‘rikdan o‘tish va davolanish uchun yo‘llanma berilishi, fuqarolarning davolanishlari uchun 70,3 mln so‘m miqdorida moddiy yordam ajratilishida ko‘maklashildi.

6 ta holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida Ichki ishlar bo‘limlari tergovchilari tomonidan qabul qilingan qarorlar prokuratura organlari tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazish uchun yuborilgan.

Ombudsman xulosasiga ko‘ra, 2 ta holatda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik hamda ehtiyotsizlik orqasida badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazish bo‘yicha jinoyat ish qo‘zg‘atildi.

Ombudsman so‘roviga muvofiq, 5 nafar fuqaro MJtKning 41 va 52-moddalari hamda 1981-moddasi bilan maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

1 nafar fuqaroga nisbatan JKning 169-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan ish tugatilgan. Yana bir holatda fuqaroning JKning 246-moddasi bilan malakalangan harakatlariga nisbatan birinchi instansiya sudi qabul qilgan sud hukmi, taftish instansiyasi sudining ajrimi bilan javobgarlikdan ozod etilgan.

Ombudsman tomonidan fuqarolarning murojaatlari asosida prokuratura organlariga qilingan so‘rovlarga ko‘ra, davlat tashkilotlarida ishlovchi 3 nafar masʼulga JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 28 nafariga intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan, shundan 7 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 4 nafari maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, Ombudsman so‘roviga muvofiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining 3 nafariga JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, 10 nafar masʼul o‘z vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun intizomiy javobgarlikka tortildi va 3 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 

Ekologik huquq bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish davomida 2 ta holatda huquqbuzarlar MJtKning 109-moddasi 1-qismiga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Keyingi brifingda Ombudsmanning Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha faoliyat natijalari haqida maʼlumot beramiz.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati