2024-yilning 19-noyabr kuni Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova Avstriya Ombudsmanlar Kengashi raisi Gabi Shvars bilan uchrashdi. Avstriya Ombudsmanlar kengashi binosida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston va Avstriya Ombudsmanlari muloqoti bo‘lib o‘tdi. Ular faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘zaro tajriba almashinildi.
Avstriya Ombudsmanlar Kengashi 2012-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi davlat organlari faoliyati ustidan nazorat o‘rnatishdan iborat. U qamoqxonalar va keksalar pansionatidagi holatni, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilayotgan sharoitlar va dasturlar ijrosini nazorat qiladi. Shuningdek, inson huquqlari buzilishi bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqadi.
Uchrashuv davomida tomonlar inson huquqlari himoyasi sohasidagi tajriba va yangicha yondashuvlar bo‘yicha fikr almashdilar. Shuningdek, O‘zbekiston va Avstriya Ombudsmanlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator tashabbuslar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Avstriya Ombudsmanlari kengashi va Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shu kuni shuningdek, Avstriya Ombudsmani huzuridagi Maslahat Kengashi a’zolari bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Avstriya Ombudsmanlari kengashi rahbari 2022-yildan Xalqaro Ombudsmanlar Instituti (IOI) Bosh kotibi etib saylangan.
1978-yilda tashkil etilgan Xalqaro Ombudsmanlar Instituti (IOI) dunyo bo‘ylab 100 dan ortiq mamlakatdagi 200 dan ziyod ombudsman institutlari hamkorligini ta’minlovchi yagona global tashkilotdir. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili(Ombudsman) ham Xalqaro Ombudsmanlar Institutining to‘laqonli a’zosi hisoblanadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati