Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman monitoringi: Harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda inson huquqlariga rioya etilishi holatlari o‘rganilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlaridagi mintaqaviy vakillari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarga navbatdagi monitoring tashriflari amalga oshirildi. Qayd etish lozimki ushbu o‘rganishlar davomida ushbu penitensiar muassasalarga o‘rnatilgan “Ombudsman quti”larida qoldirilgan murojaatlar qabul qilinadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi jazoni ijro etish departamentining 27-son manzil koloniyasida o‘tkazilgan monitoring jarayonida mahkumlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi.

Koloniyada keng ko‘lamli kapital taʼmirlash ishlari olib borilgani, shu jumladan, sport maydonchasi, oshxona va yuvinish xonalari kerakli jihozlar bilan taʼminlangani aniqlandi.

Monitoring tashrifi davomida 20 nafarga yaqin mahkum va mahkumalar bilan yakka tartibda uchrashilib, murojaatlari qabul qilindi.

Xorazm viloyati Gurlan tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli mastlik holatida bo‘lgan fuqarolarga tibbiy xizmat ko‘rsatish punktidagi avvalgi monitoringda aniqlangan sanitariya talablariga oid kamchiliklar bartaraf etilganligi aniqlandi.

Shuningdek, Ombudsmanning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda Ombudsman huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya aʼzosi Xamro Bektemirovlar 11-son tergov hibsxonasiga monitoring tashrifini amalga oshirishdi.

Unda mahbuslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmat ko‘rsatilishi va boshqa sharoitlari o‘rganildi. Monitoring doirasida voyaga yetmaganlar va ayollar bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularning murojaatlari o‘rganildi hamda mahbuslarning yaqin qarindoshlari bilan suhbatlar o‘tkazildi.

Buxoro viloyatidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyida o‘tkazilgan monitoringda muassasaning sanitariya-gigiyena holati talab darajasida ekanligi aniqlandi.

Biroq, sport zali, yozgi futbol maydonchasi qurish va ginekolog hamda stomatolog lavozimlarini joriy etish zaruriyati borligi aniqlandi.

Namangan viloyati Chust tumanidagi vaqtinchalik saqlash hibsxonasida o‘tkazilgan monitoring tashrifida videokuzatuv kameralari va issiqlik taʼminoti tizimi to‘liq ishlayotganligi maʼlum bo‘ldi. Ammo autsorsing xizmati tomonidan tayyorlanadigan taomnomada kamchiliklar kuzatildi.

Shuningdek, hibsxonada saqlanayotgan 17 nafar shaxs bilan yakka tartibda uchrashuv o‘tkazilib, murojaatlari qabul qilindi va baʼzilariga huquqiy maslahatlar berildi.

Eslatib o‘tamiz, monitoring tashriflari yakunlariga ko‘ra aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini taʼminlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.

Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar Oliy Majlis palatalariga taqdim etiladi.

 O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati