Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va oldini olish yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan 2024 yilning o‘n oyida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan BRIFING
2024 yilning 10 oyda Ombudsman va Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 774 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. 2023-yilning 10 oyida ushbu ko‘rsatkich 468 tani tashkil etgan edi.

Monitoring tashriflarning 181 tasi jazoni ijro etish koloniyalari, 122 tasi tergov hibsxonalari, 128 tasi vaqtincha saqlash hibsxonalari, 59 tasi Maxsus qabulxonalar, 39 tasi reabilitatsiya qilish markazlari, 56 tasi narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining filiallari, 52 tasi ruhiy-asab kasalliklari shifoxonalari, 46 tasi “Sahovat” va “Muruvvat” uylari, 91 tasi mastlik holatidagilarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari o‘tkazilgan.

Monitoring tashriflari davomida 9,5 mingga yaqin mahkum va mahbuslar bilan jamoaviy hamda 4321 ming nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazildi.

Tashriflarda ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarni yashash, ovqatlanish, mehnat qilish hamda tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, saqlanayotgan shaxslar uchun olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilayotganligi va boshqa shu kabi holatlar o‘rganildi.

Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari natijasida mutasaddi va tegishli vazirlik va idoralarga 16 ta talabnoma, 10 ta taqdimnoma, 13 ta xulosa va 3 ta tahliliy axborotlar kiritildi.

Shuningdek, Ombudsman tomonidan Oliy Majlis palatalariga 6 ta tahliliy maʼlumot taqdim etildi.

Ombudsman tavsiyasiga ko‘ra, 23-son mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxona negizida 50 o‘rinli ayollar bo‘linmasi ochildi. Avvallari bu yerda faqatgina erkak mahkumlar davolangan. Mazkur kasalxona terapiya, nevrologiya, jarrohlik, stomatologiya, diagnostika, sil kasalliklari kabi 20 ta bo‘limga va 2 ta laboratoriyaga ega, shuningdek u yerda murakkab jarrohlik amaliyotlari ham o‘tkaziladi.

Ombudsman tomonidan kiritilgan taʼsir choralarini ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanidagi eskirgan, bemorlarni saqlash va davolashda antisanitar holatga kelgan Narkologiya dispanseri Nukus tumanida joylashgan bo‘sh binoga ko‘chirildi va bemorlarga qulay sharoitlar yaratildi. Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Surxondaryo filialidagi oshxona to‘liq taʼmirlandi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ellikqalʼa tumanida joylashgan 2-son respublika va ruhiy asab kasalliklari dispanseri binosi va xonalari taʼmirlanib, bemorlarning yaqin qarindoshlari bilan uchrashishlari uchun qisqa muddatli uchrashuv xonalari hamda maxsus psixoterapiya muolajalarini o‘tkazish xonalari tashkil etildi. Shuningdek, bemorlarning ovqatlanishi uchun zarur sharoitlar yaratildi.

Vakil tavsiyasi asosida Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar IIB vaqtincha saqlash hibsxonasiga ventilyatsiya tizimi o‘rnatilib, kameralardagi sharoitlar yaxshilandi hamda cho‘milish xonalari tashkil etildi. Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani IIB vaqtincha saqlash hibsxonasida ham mahbuslar uchun tintuv qilish, cho‘milish xonalari hamda sayrgoh tashkil etildi va kameralar barcha kerakli jihozlar bilan taʼminlandi.

Shu bilan birga masʼul idoralar tomonidan Jizzax shahar vaqtincha saqlash hibsxonasi hamda Do‘stlik tumanidagi vaqtincha saqlash hibsxonasi  kapital, Samarqand viloyatidagi vaqtincha saqlash hibsxonasi joriy taʼmirlandi. Buxorodagi 4-son tergov hibsxonasida xo‘jalik ishlariga jalb qilingan mahkumlar uchun yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv xonalari qurildi.

Buxorodagi 17-son Jazoni ijro etish koloniyasining 12-binosida qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi va mahkumlar saqlanadigan kameralardagi sharoitlar yaxshilandi.

Respublika kuzatuv kuchaytirilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasini zamonaviy asbob-uskunalar bilan taʼminlanmagani, bemorlarga kiyim-kechak va boshqa kerakli jihozlar ajratilmagani va boshqa aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Ombudsman tavsiyasiga asosan reja ishlab chiqilib, ijrosi taʼminlanmoqda.

Monitoring tashriflarida aniqlangan kamchiliklarni bo‘yicha harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda ishlovchi 56 nafar xodimga hayfsan berildi, 2 nafar xodim jarimaga tortildi, 3 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Qolaversa, Ombudsmanning mintaqaviy vakillari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida joylardagi mutasaddi organlar va tashkilotlarning vakillari bilan hamkorlikda tibbiy ko‘rik,  sayyor qabullar hamda boshqa maʼrifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, hisobot davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm va Samarqand viloyatlarida hududlardagi sog‘liqni saqlash boshqarmalari bilan hamkorlikda tor doiradagi oliy toifali shifokorlar jalb qilinib, 6000 ming nafarga yaqin mahkum va mahbuslar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili va “Hunarmand” uyushmasining Namangan viloyati boshqarmasi bilan birgalikda viloyatdagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlar kasb-hunarga o‘rgatilmoqda. 2024-yilning 10 oyligida 180 nafardan ortiq mahkumlar kasbga o‘rgatilib, ularga sertifikatlar berildi.

Endi mahkum va mahbuslar murojaatlarini ko‘rib chiqish natijalariga to‘xtalamiz. Hisobot davrida Ombudsmanga harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslar hamda ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari (advokatlari) tomonidan 2232 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 858 tasi pochta aloqa xizmati, 335 tasi “Ombudsman qutisi”, 403 tasi “pm.gov.uz” sayti, 309 tasi Ombudsman xodimlari qabuli, 216 tasi “Ombudsman.uz” sayti va mobil ilovasi, 44 tasi sayyor qabullar, 30 tasi Ombudsman qabuli, 24 tasi Prezident qabulxonasi va 13 tasi “Ishonch telefoni” orqali kelib tushgan.

Murojaatlarning tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda ko‘rib chiqilishi natijasida 32 nafar jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 18 nafari davolanish uchun kasalxonalarga joylashtirildi.

7 nafar mahkumga jazo muddatining o‘talmay qolgan qismini yengilrog‘iga almashtirishida yoki muddatidan ilgari shartli ozod etilishida, 8 nafariga amaldagi intizomiy taʼsir chorasini muddatidan avval rag‘batlantirish tariqasida yechilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.

4 nafar mahkum yashash joyiga yaqin bo‘lgan jazoni ijro etish muassasalariga o‘tkazilgan.

Manzil-koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning 12 nafar voyaga yetmagan farzandlariga bola nafaqasi puli olishda va 5 nafar mahkumning oila aʼzolariga joylardagi mahalliy hokimliklar ko‘magida moddiy yordam ajratilishiga ko‘maklashildi.

Ombudsman nomiga 2024 yil 10 oyida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi yuzasidan 158 ta shikoyat kelib tushdi.

Shikoyatlarning 14 tasi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar Ombudsmanning murojaatiga asosan yuqori turuvchi prokurorlar tomonidan bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi belgilangan. 52 tasi esa o‘tkazilgan xizmat tekshiruvlari hamda prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv yakunlariga ko‘ra o‘z tasdig‘ini topmadi. 

62 ta shikoyat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.

Shuningdek, shikoyatlarni ko‘rib chiqish natijasida 10 nafar xodimga nisbatan intizomiy taʼsir chorasi qo‘llanilgan. ta holatda xodimlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Alohida taʼkidlash joizki, ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilganligi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan 15 ta xabarlar o‘rganilib, bu bo‘yicha 14 ta munosabat bildirilgan. Mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning 12 ta talabnomasi kiritilgan.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati