1-fakt. Ombudsman mansabdor shaxs bo‘lib, u davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshiradi.
2-fakt. Ombudsman fuqarolarning, respublika hududida turgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning, yuridik shaxslarning inson huquqlari va erkinliklarini buzayotgan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarning harakatlari yoxud harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlarini ko‘rib chiqadi hamda o‘z tekshiruvini o‘tkazish huquqiga ega.
3-fakt. Qonunda Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Ombudsmanning doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillarining huquqiy maqomi mustahkamlandi. Ular zarurat bo‘lsa mutaxassislar jalb qilgan holda masalani joyiga chiqib o‘rganishlari mumkin.
4-fakt. Jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari hududida «Ombudsman qutisi»ni saqlashning huquqiy mexanizmlari, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha faoliyatga ko‘maklashish uchun jamoatchilik asosida amal qiladigan jamoatchilik guruhlari tashkil etilishi belgilandi.
5-fakt. Ombudsman fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklashda tegishli davlat organlari va tashkilotlariga ogohlantirish, taqdimnoma, iltimosnoma va talabnoma taʼsir choralarini kiritishi mumkin.
Taqdimnoma tashkilot mansabdor shaxslari tomonidan kechiktirmay ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan hujjat hisoblanadi.
Inson huquqlarini buzilish xavfi bo‘lgan holatlarda tegishli tashkilotlar Ombudsman tomonidan ogohlantirilishi mumkin.
Ombudsman tomonidan harakatlarida inson huquqlari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida iltimosnoma, qiynoq holatlarini aniqlash bo‘yicha talabnoma kiritilishi ham mumkin.
Bundan tashqari, Ombudsman fuqarolar manfaatida sudlarga arizalar va daʼvolar, shikoyatlarni o‘rganish natijalariga ko‘ra, fuqaroning buzilgan huquqlarini tiklash bo‘yicha o‘z xulosasini yuborishi ham mumkin.
6-fakt. Ombudsmanga qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi mustahkamlandi. Bu fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan muammolarga qonunchilik orqali yechim taklif etish va huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirishga xizmat qiladi.
7-fakt. Ombudsmanga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan maxsus maʼruzalar taqdim qilish huquqi berildi.
8-fakt. O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarining bajarilishi yuzasidan muqobil maʼruza tayyorlash va tegishli xalqaro tashkilotlarga taqdim etish huquqi belgilab qo‘yildi. Ombudsman ushbu maʼruzalarni fuqarolik jamiyati institutlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda ishlab chiqadi.
9-fakt. Davlat organlari va tashkilotlarining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq yig‘ilishlarida, shu jumladan Oliy sud Plenumi majlislarida Ombudsmanning ishtirok etish huquqi kafolatlandi.
10- fakt. Ombudsman har yili, hisobot yilidan keyingi yilning 15 fevralidan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga o‘z faoliyati to‘g‘risida maʼruza taqdim etishi kerak.
Shu kabi maʼlumotlardan xabardor bo‘lib turishni xoxlasangiz sahifamizni kuzatishda davom eting va inson huquqlariga doir bilimlaringizni yana-da boyiting!
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati