Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Samarqandda “Ombudsman bog‘i” barpo etildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) instituti tashkil etilganiga 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan “Toza va qulay atrof-muhit – inson huquqlarini ta’minlash kafolati” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida Samarqand viloyatiga tashrif buyurildi.

Xalqaro hamkorlik ramzi sifatida, 15 dan ortiq xorijiy davlatlar Ombudsmanlari ishtirokida Samarqandda “Ombudsman bog‘i” tashkil etildi. Bog‘ga 20 dan ortiq mevali daraxt ko‘chatlari ekildi, bu esa inson huquqlari va barqaror taraqqiyot o‘rtasidagi chambarchas bog‘liqlikni ifodalaydi.

Bog‘ning ramziy ma’nosi

“Ombudsman bog‘i” inson huquqlarini himoya qilish va ekologik barqarorlik g‘oyalarining uyg‘unligini namoyon etuvchi timsol sifatida yaratildi. Daraxt ekish tashabbusi tabiatni muhofaza qilish va har bir inson uchun toza, yashil va qulay atrof-muhitni ta’minlash muhim ekanligini targ‘ib qiladi. Shu bilan birga, bu bog‘ xalqaro hamkorlik, inson huquqlari himoyasi va kelajak avlod uchun barqaror muhit yaratishga qaratilgan sa’y-harakatlarning ramzi hisoblanadi.

Xalqaro hamkorlik doirasidagi uchrashuvlar

Samarqanddagi tashrif davomida Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Qatar, Moldova, Rossiya, Qirg‘iz Respublikasi, Finlyandiya, Shveysariya, Italiya va Marokash davlatlarining Ombudsmanlari va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar vakillaridan iborat delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Parlamenti Ombudsmanining Samarqanddagi mintaqaviy vakili ofisi hamda Xalq qabulxonalari faoliyati bilan tanishdilar.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati