Qayd etilganidek, Ombudsman instituti 2024-yilda yangi konstitutsiyaviy qoidalar asosida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish, sohaga oid milliy qonunchilikni hamda milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishda bir qator ishlarni bajardi.
Shuningdek, ombudsman.uz mobil ilovasining ishga tushgani alohida qayt etildi. Ushbu ilova orqali fuqarolarga murojaatlarni istalgan vaqtda yuborish, murojaat holatini monitoring qilish, OneID orqali tez oson ro‘yxatdan o‘tish, javob xatlarini yuklash va qabul qilish, murojaatlarni o‘zbek, rus va ingliz tillarida yuborish, onlayn maslahat olish imkoniyati yaratilgan.
Taʼkidlanishicha, Ombudsman davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan o‘zaro uzviy aloqada bo‘lishi natijasida inson qadrini ulug‘lash, har bir shaxsning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash yo‘lidagi vazifalarning ijro etilishiga ham alohida eʼtibor qaratgan.
Majlisda Ombudsmanning huquqiy tahlil va monitoring, xalqaro hamkorlik, huquqiy targ‘ibot hamda jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishidagi faoliyatlari yuzasidan ham maʼlumotlar berildi.
Muhokamalar yakunida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati