Hafta davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Buxoro viloyatlarida navbatdagi “Ombudsman maktabi” tadbirlari tashkil etildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus tumanida o‘tkazilgan tadbirda “Aqmangit”, “To‘qtov”, “Aqterek”, “Qutanko‘l” va “Taqirko‘l” mahallarida yashovchi 150 nafardan ortiq aholi qamrab olindi.
Aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan mazkur tadbirda ishtirokchilarga ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga subsidiya ajratilishi, hududlarda “ijtimoiy karta” tizimining joriy etilishi, aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishda belgilangan imtiyozlar borasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berildi.
Shuningdek, Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili tomonidan sayyor qabul ham tashkil etildi.
Bundan tashqari, aholining inson huquqlari va erkinliklari sohasida O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlari va xalqaro shartnomalari to‘g‘risidagi bilimi hamda xabardorligini oshirish maqsadida tuman va shaharlarda bir qator tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Xususan, Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida tashkil etilgan “Ombudsman maktabi” tadbiriga tumanning “Toshrabot” va “Vang‘ozi” hamda Buxoro viloyatining Kogon tumanida o‘tkazilgan tadbirga “Niyoz hoji”, “Suxor” va “Yangi hayot” mahalla fuqarolari jalb qilinib, ularning huquqiy xabardorligi oshirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati