O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 102¹-moddasiga muvofiq, Komissiyalar tarkibiga Ombudsman mintaqaviy vakillari, xalq deputalari mahalliy Kengashlari deputatlari va jamoatchilik vakillari kirishi belgilangan. Shu kunlarda Toshkent shahri, Andijon va Namangan viloyatlaridagi qator muassasalarda mazkur komissiyalar yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishlarda umumiy hisobda 1291 nafariga tuzalish yo‘liga o‘tgan deb xulosa berildi. Shundan, 1075 nafari Toshkent shahridagi 21-son Jazoni ijro etish koloniyasidagi, 192 nafari Namangan viloyatidagi Pop tumanidagi 6-son Jazoni ijro etish koloniyasidagi, 24 nafari esa Andijon viloyatidagi 3-son tergov hibsxonasida xo‘jalik ishlariga jalb etilgan mahkumlardir.
Komissiyalar a’zolari tuzalish xulosasini chiqarishda mahkumlarning mehnatga munosabati, ichki tartib-qoidalarga rioya qilishi, ta’limga va kasb-hunarga qiziqishi, shuningdek, madaniy-ma’rifiy tadbirlardagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratadi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati