Maʼlumki, Ombudsmanlar inson huquqlarini taʼminlashni maqsad qilgan bo‘lsalarda, uni amalga oshirish usullari, mexanizmlari hamda taʼsir choralari bir biridan farq qiladi. Dunyoda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, jamiyatdagi mavjud muammolar va boshqa jixatlardan kelib chiqib, Ombudsmanlar va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro ekspertlarning bir joyda jamlanishi va o‘zaro tajriba almashishi inson huquqlarini taʼminlanishida juda muhim ahamiyatga ega.
Konferensiyada Avstraliya, Azarbaydjon, Vengriya, Italiya, Qozog‘iston, Qirg‘iz, Marokash, Mo‘g‘uliston, Norvegiya, Pokiston, Rossiya, Serbiya, Tayland, Turkiya va Tojikiston davlatlari Ombudsmanlari, inson huquqlarini taʼminlashda fuqarolik jamiyatlari bilan ishlash, raqamlashtirish jarayonlari, gender tengligi, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini taʼminlash, mehnat munosabatlari va qator boshqa yo‘nalishlardagi o‘z tajribalari bilan bo‘lishishdi.
20 ga yaqin xorijiy mamlakatlarning inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi vakolatli organlari hamda xalqaro birlashma ekspertlari, qator xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi diplomatik korpus vakillari va yurtimizdagi xorijiy davlatlarning favqulodda va muxtor elchilarini qamrab olgan konferensiya ilg‘or tajribalarni o‘rganish, o‘zaro hamkorliknini yana-da mustahkamlash va yangi tashabbuslarni ilgari surishga xizmat qildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar, Bosh qomusimizda inson qadri, manfaati uchun xizmat qiladigan normalar avvalgisidan 3 baravarga ko‘paygani hamda inson huquqlari sohasida O‘zbekiston erishgan natijalar xorijiy mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, Konstitutsiyada Ombudsman institutining qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga xaqli ekani belgilab qo‘yilgan tadbir ishtirokchilari tomonidan eʼtirof etildi.
Anas Fayyad Qarman, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili vazifasini vaqtincha bajaruvchi
-O‘zbekiston 80 dan ortiq inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hujjatlarni qabul qilib, ularni o‘zining milliy qonunchiligiga integratsiya qildi va shu orqali o‘zining qonun-qoidalarini bosqichma-bosqich ravishda ilg‘or jahon amaliyotiga yaqinlashtirmoqda “O‘zbekiston-230” Strategiyasi qabul qilindi, bundan tashqari, o‘tgan davr mobaynida qonun ustuvorligi va inson huquqlarini taʼminlash borasida qator ijobiy qadamlarning guvohi bo‘ldik. Shu o‘rinda, biz yangi Konstitutsiyaga muvofiq Ombudsmanning qonun ijodkorligi jarayoniga taʼsirining oshayotganini ijobiy natija sifatida eʼtirof etamiz.
Devid Xoffman, USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi rahbari
-O‘zbekistonda so‘nggi 6-7 yil davomida juda katta ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi. Ayni jarayonlardagi eng muhim jihat bu inson huquqlarini taʼminlash borasidagi harkatlardir. Bugungi anjumanda shu yo‘nalishdagi ishlarning amaliy natijalari namoyon qilinmoqda. Umuman olganda, inson huquqlari davlatning barqaror rivojlanishida muhim omil hisoblanadi. USAID tashkiloti inson huquqlarini kafolatlashga qaratilgan xalqaro va milliy tajribalarni umumlashtirib amaliyotga tadbiq etish borasida Ombudsman bilan o‘zaro hamkorlikni davom ettirishdan xursandmiz.
YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Sergey Sizov tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda mustaqil institut sifatida fuqarolar hayotida va jamiyatda muhim o‘rin tutishi eʼtirof etildi.
Kris Fild, Xalqaro Ombudsman Institutining Prezidenti, G‘arbiy Avstraliya Ombudsmani
-Xalqaro ombudsman instituti 200 dan ortiq vakillariga ega. Biz birgalikda Ombudsmanlarning umumiy maqsadiga erishish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yamiz, chunki bizning asosiy maqsadimiz albatta qonun ustuvorligi, inson huquqlari va manfaatlarining himoyalanganligini taʼminlash hisoblanadi. Men mamnuniyat bilan o‘tgan yili mamlakatingizdagi muhim siyosiy jarayonlarni shaxsan kuzatganim va ijobiy xulosalarga kelganimni aytmoqchiman.
Sheref Malkoch, Turkiya Bosh Ombudsmani
-Amir Temur yurtida ekanligimdan hursandman. Bizning tariximiz, ildizlarimiz shu yer bilan bog‘liq. O‘zbekistondagi huquq sohasidagi o‘zgarishlarni, islohotlarni va demokratlashish jarayonlarini katta hayajon va qiziqish bilan kuzatib boryapmiz. Bu jarayonlar esa nafaqat O‘zbekistonga, balki boshqa davlatlarga ham o‘z taʼsirini o‘tkazadi deb o‘ylayman. Ijtimoiy, siyosiy va huquqiy sohalarda qanchalik yaqin hamkorlikda bo‘lsak, o‘zaro tajriba almashsak shunchalik rivojlanib boramiz.Ikki davlat o‘rtasidagi muloqot, munosabat, birdamlik mamlakatlarimiz farovonligini oshiradi, osoyishtaligini taʼminlaydi.
Jargalsayxan Xunan, Ombudsman-Mo‘g‘ulistonning inson huquqlari bo‘yicha Milliy komissiyasi
-Xalqaro konferensiya orqali O‘zbekiston haqida, xususan, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada inson huquqlarini taʼminlashga qaratilgan ko‘plab normalar mustahkamlangani, shuningdek, ushbu qonun Ombudsman huquqlarini to‘la kafolatlab, huquqlarini kengaytirgani bo‘yicha maʼlumotlarga ega bo‘ldik. Bundan tashqari O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyati mustahkamlangani, majburiy mehnat bekor qilingan hamda yuqori darajadagi rahbarlik lavozimlariga ayollar tayinlangan. Bu Mo‘g‘ulistonda juda kam uchraydigan hodisa. Ishonamizki, bu yil O‘zbekistonda Mo‘g‘uliston elchixonasini ochamiz. Qolaversa, biz Ombudsmanlar hamkorlik memorandumini imzoladik.
Lastayev Artur Yermekovich, Qozog‘iston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha vakili
-So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlarining inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyati va tajribasi ancha takomillashdi. O‘zbekiston bu borada juda ham ajoyib natijalarni ko‘rsatib kelmoqda. Bundan tashqari, yurtingizdagi konstitutsiyaviy islohotlarni diqqat bilan kuzatib, o‘zbekistonlik do‘stlarimiz erishayotgan yutuqlaridan xursand bo‘lib kelmoqdamiz. Shuni aytishim joizki, biz O‘zbekiston Ombudsmani bilan har tomonlama kuchli hamkorlik aloqalarini mustahkamlab bormoqdamiz.
Marino Fardelli, Italiyaning mintaqaviy va avtonom viloyatlari ombudsmanlarining milliy koordinatori
-Bugungi Italiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik albatta ikki davlat fuqarolarining manfaatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Bundan tashqari Italiyada o‘zbekistonlik talabalar soni 2000 nafardan ko‘p. Shu nuqtai nazardan Ombudsmanlar hamkorligini yana-da mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish juda muhim. Mamnuniyat bilan aytishim mumkinki, konferensiya doirasida O‘zbekiston Ombudsmani bilan hamkorlik memorendumini imzoladik. Bu esa mustahkam hamkorligimizga yana bir turtki bo‘ladi.
Akos Kozma, Vengriya asosiy huquqlar komissari (ombudsman)
-O‘zbekiston va Vengriya davlatlari o‘rtasida mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u ko‘plab sohalarni qamrab olgan. Davlatlar o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanib borayotganiga o‘tgan yili Vengriya poytaxti Budapeshtda O‘zbekiston elchixonasining ochilgani tasdiqlaydi. Shunga mos ravishda biz Ombudsmanlar ham o‘zaro hamkorligimizni mustahkamlab bormoqdamiz. O‘tgan yili biz Ombudsmanlar ham hamkorlik memorandumini imzolab, o‘zaro tajriba almashish borasida samarali ishlab kelmoqdamiz.
Moxamed Benalilu, Marokash Qirolligining Ombudsmani
-Men ushbu xalqaro konferensiyani inson huquqlarini himoya qilishdagi navbatdagi muhim qadam deb bilaman. Chunki biz sunʼiy intellekt natijasida o‘zgarayotgan jamiyatda inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha yangi chaqiriqlar yuzaga kelishi mumkinligini yaxshi tushunishimiz kerak. Turli madaniyat vakillarini birlashtirgan ushbu konferensiyada geografik hududlar va madaniy farqlardan qatʼi nazar, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha aqlli va yetarli yechimlar topish mumkin. Men hamkasbimga Marokashda ikki tomonlama memorandum imzolab, aloqalarimizni yana-da mustahkamlashni taklif qildim.
Djamilya Djamanbayeva, Qirg‘iz Respublikasi Ombudsmani
-Bugungi tadbir juda ham yuqori saviyada tashkil etilgan bo‘lib, ushbu muloqot barcha ombudsmanlar uchun fikr almashish va ulkan tajriba maydoni bo‘ldi. Qirg‘iziston ombudsman instituti faoliyatiga to‘xtaladigan bo‘lsam, institutimiz mamlakatimizdagi eng yuqori 5 ta davlat organlaridan biri hisoblanadi, shundan kelib chiqib biz ham Konstitutsiyaga muvofiq Parlament bilan yakdil holda insonlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ishlaymiz.
Umed Bobozoda, Tojikiston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili
-O‘zbekistondagi hamkasblarimizning so‘nggi yillardagi erishgan natijalari bizni behad quvontirdi. Referendum asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, xususan, Ombudsmanga qonun loyihalarini qonun tashabbusi tartibida kiritish huquqining berilgani juda muxim. Umuman olganda inson huquqlari yo‘nalishidagi islohotlar va erishilgan natijalar borasida O‘zbekistondan o‘rganadigan jixatlarimiz bor.
Mazkur xalqaro tadbir Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi hamda Fridrix Ebert jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.
Inson huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama etilgan muhokama maydonida nufuzli xalqaro tashkilot vakillari, jumladan, nufuzli xalqaro tashkilotlar xususan, BMT ixtisoslashgan qo‘mitalari aʼzolari, Yevropa Kengashi, YEHXTning demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Venetsiya komissiyasi ekspertlari, Xalqaro Ombudsmanlar instituti, Osiyo Ombudsmanlari Assotsiatsiyasi, Germaniyaning Maks Plank instituti, UPR info vakillari ham ishtirok etishdi. Xalqaro ekspertlar Ombudsman institutining jamiyat hayotida g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanligiga to‘xtalar ekan, mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlash borasida amalga oshirilgan islohotlarni eʼtirof etishdi va doim hamkorlikda ishlashga tayyor ekanliklarini maʼlum qilishdi.
Xalqaro konferensiya yakunlariga ko‘ra, Toshkent rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Konferensiya doirasida mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy davlatlar Ombulsmanlari Oliy Majlis Senati raisi va senatorlar hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri, uning o‘rinbosarlari va deputatlar bilan ham uchrashishdi.
Turkiya, Vengriya, Italiya, Mo‘g‘uliston, Marokash, Qirg‘iz va Qozog‘iston Respublikalari Ombudsmanlaridan iborat delegatsiya aʼzolari tashrifi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabali bilan o‘tkazilgan uchrashuv bilan yakunlandi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati