Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman Buxoro viloyatida bo‘lib, inson huquqlarining taʼminlanish holatini o‘rgandi
Davlat rahbarining Oliy Majlisga murojaatnomasida Ombudsman zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosini taʼminlash, qolaversa hududlardagi inson huquqlarini taʼminlanishi holatini o‘rganish maqsadida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)  boshchiligidagi ekspert guruhi joriy yilning 25-27 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi. Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 - 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzurida qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlarini tashkil etish, ushbu guruhlar faoliyatini ommaviy axborot vositalari orqali keng va muntazam yoritish vazifasi yuklatilgan.

Shu munosabat bilan, joriy yilning 25-27 mart kunlari Ombudsman huzurida milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat yurituvchi jamoatchilik vakillaridan iborat bo‘lgan ekspert guruhi tomonidan qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish maqsadida Buxoro viloyatidagi 1, 17, 20-sonli jazoni ijro etish koloniyasi, 4-son tergov hibsxonasi, Buxoro viloyati IIB Aniq yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya etish markazi, Voyaga yetmagan shaxslarga ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish markazi, Buxoro shahar IIOFMB vaqtincha saqlash hibsxonalariga monitoring tashrifi amalga oshirildi.

Monitoringning Ekspert guruhi tarkibida Ombusdman, senator, Ombudsmanning Buxoro viloyati bo‘yicha mintaqaviy vakili, Ombudsman Kotibiyati vakillari, Ombudsman huzuridagi komissiya aʼzolari, davlat idoralari va hokimiyati, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Monitoring davomida muassalardagi oshxona va mahkumlarga ovqat tayyorlash jarayoni bilan tanishildi. Taomnoma menyusi hamda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash joylari ko‘zdan kechirilganda oziq-ovqat taʼminoti meʼyorlariga amal qilinayotganligi maʼlum bo‘ldi.

Shuningdek, mahkum va mahbuslarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam masalasi yuzasidan yopiq muassasalardagi tibbiyot bo‘limlari o‘rganilganda dori-darmon, uskunalardan kamchilik va muammolar yo‘qligi, sharoitlar qoniqarli darajada ekanligi lekin, kadrlar masalasida tibbiyot xodimlarining oylik maoshlari pastligi sabab vakant o‘rinlar borligi aniqlandi.

Ekspert guruhi aʼzolari koloniyalardagi qisqa muddatli va uzoq muddatli uchrashuv xonalari hamda telefon so‘zlashuv xonalarida yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham tanishishdi. Obyektlarni o‘rganish davomida mahkumlarni yaqin qarindoshlari uchrashuvga kelganlarida, ular uchun koloniya tashqarasida kutish joylari qilinmagani, savdo do‘konlaridagi mahsulotlar narxi qimmat ekani, qolaversa, muassasada joylashgan ishlab chiqarish  sexlarining ayrim buyurtmachilari tomonidan kelishilgan shartnoma talablari bajarilmaganligi sababli mahkumlarning oyliklari kechikayotgani aniqlandi.

Monitoring davomida jamoatchilik vakillaridan iborat bo‘lgan Ekspert guruhi aʼzolari muassasalarda saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy va yakka tartibdagi uchrashuvlar o‘tkazildi.

Jamoaviy uchrashuvlar davomida mahkumlarga ularning huquq va majburiyatlari batafsil to‘xtalib o‘tilib, ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish holatlari yuzaga kelgan taqdirda Ombudsmanga murojaat qilishlari kerakligi tushuntirildi. Mahkumlar bilan o‘tkazilgan yakka tartibdagi qabullarda esa muassasada ularga qanday munosabatda bo‘layotganliklari, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash bilan bog‘liq holatlar bor yoki yo‘qligi, mahkumlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar yuzasidan fikrlar o‘rganildi. Mahkumlardan kelib tushgan murojaatlar asosan sud-tergov jarayoni bilan bog‘liq va yashash joylariga yaqin hududga ko‘chirish bo‘yicha bo‘ldi.

Buxoroga tashrif doirasida viloyat IIB Aniq yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya etish markazi, Voyaga yetmagan shaxslarga ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish markazi, Buxoro shahar IIOFMB vaqtincha saqlash hibsxonalariga ham  monitoring tashrifi amalga oshirildi shuningdek, joylarda Ombudsmanning sayyor qabullari tashkil etildi.

Ombudsman huzurida milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat yurituvchi ekspert guruhi tomonidan respublika bo‘ylab jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalariga monitoringlar davom ettiriladi.

 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati