Alyans yig‘ilishida Rossiya Federatsiyasi hamda O‘zbekiston Ombudsmanlari, Armaniston, Qirg‘iziston, Serbiya, Mongoliya, Qozog‘iston, Eron va Tojikistondagi milliy inson huquqlari institutlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va davlat hokimiyati organlari, inson huquqlari hamjamiyatlari vakillari qatnashishdi.
Tadbir davomida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini taʼminlash, jumladan, ularga sog‘liqni saqlash sohasida yetarli imkoniyatlarni yaratish bilan bog‘liq dolzarb muammolarni hal etish bo‘yicha eng samarali mahalliy va xorijiy amaliyotlar haqida maʼlumotlar berildi.
EOA yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) F.Eshmatova ham o‘z maʼruzasi bilan ishtirok etdi. U o‘z so‘zida mamlakatimizda Davlat rahbarining xalqaro tashabbusi bilan O‘zbekiston Parlamenti tomonidan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ratifikatsiya qilinganini hamda joriy yil kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasi "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi Qonuni mazkur Konvensiya talablari asosida ishlab chiqilganini qayd etdi.
O‘zbekistonda ushbu xalqaro hujjatning ratifikatsiya qilinishi tegishli davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlar mansabdor shaxslari qatorida Ombudsman zimmasiga ham qator vazifa va majburiyatlarni yuklaydi. Mamlakatda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini kafolatlash, ularga moslashtirilgan sharoitlar yaratish borasida xalqaro standartlarga muvofiq qonunchilik asoslari ishlab chiqilgan. Xususan, Qonunimizning 6-moddasida nogironlik belgisiga ko‘ra kamsitilishga yo‘l qo‘ymaslik tamoyili aks ettirilgan. Unga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan har qanday ajratib qo‘yish, istisno etish, chetlatish, cheklash yoki afzal ko‘rish holatlari, shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning obyektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishni rad etish taqiqlanadi.
Shu bilan birga, qonun bilan nogironligi bo‘lgan bolalarning bepul umumiy o‘rta, maktabdan tashqari, o‘rta maxsus va professional taʼlim olishini kafolatlash, bunda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun oliy taʼlim muassasalarida davlat granti asosida abituriyentlarni qabul qilish umumiy sonining 2 foizi miqdorida qo‘shimcha qabul kvotasi ajratilishi va boshqa shu kabi qator imtiyozlar va huquqlar belgilangan.
Shuningdek, Feruza Eshmatova o‘z nutqida imkoniyati cheklangan shaxslarning munosib yashashi, o‘qishi, mehnat qilishi, davolanishi va dam olishi uchun moslashtirilgan sharoitlarni yaratish jarayonida Ombudsmanning o‘rni, nazorati hamda faolligi borasidagi ilg‘or xalqaro tajribalar haqidagi foydali maʼlumotlar uchun yig‘ilish ishtirokchilariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi va davlatlararo inson huquqlarini taʼminlashda hamkorlikda ishlashga tayyorligini bildirdi.
Taʼkidlash lozimki, Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansi mintaqadagi inson huquqlari himoyachilarining saʼy-harakatlarini birlashtiradigan birinchi Ittifoq hisoblanadi. Ushbu tashkilot Yevroosiyo davlatlari ombudsmanlarining o‘zaro hamkorligini taʼminlab, o‘z mamlakatlari fuqarolarining chet eldagi muammoli masalalarini tezkor hal etish imkonini beradi.
Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansining V-yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra, Yevroosiyo mintaqasida nogironlar huquqlari kafolatlarini taʼminlash mexanizmlarini mustahkamlashga doir masalalar muhokama qilinib, takliflar ishlab chiqildi.
Shu kuni O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va Mongoliya Ombudsmanlari Moskva shahridagi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish departamentining Faxriylar uyiga tashrif buyurishdi va u yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi.
50 yil davomida faxriylarga xizmat ko‘rsatilayotgan ushbu muassasa 701 o‘ringa mo‘ljallangan. Hozirda bu yerda 672 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar davolanmoqda. Ularning uchdan bir qismi esa mustaqil ravishda harakatlana olmaydigan va alohida g‘amxo‘rlikka muhtoj bo‘lgan nogiron kishilardir. Faxriylar uyida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun turli psixologik, reabilitatsion xizmatlar ham ko‘rsatiladi.
Muloqot davomida faxriylarning imkoniyati cheklangan shaxslarga moslashtirilgan sharoitlar yaratish borasidagi fikrlari o‘rganildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati