Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga amaliy yordam ko‘rsatilishiga erishdi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani, Bog‘aro mahallasida yashovchi fuqarodan yashash sharoiti og‘irligi sabab farzandlarini “Yoshlar daftari”ga kiritish hamda qizi va nabiralarining boquvchisi bo‘lmagani sababli uy-joyini taʼmirlashda yordam so‘ragan.

Murojaatchining yozishicha, pandemiya sharoitida qarmog‘idagi 5 nafar farzandi va nabiralari og‘ir ahvolga tushib qolgan. Ish joyi bo‘lmagani uchun 2 nafar farzandi poytaxtga qatnab, yollanma ishchi sifatida ishlashga majbur.

Murojaat Ombudsman nazoratiga olinib o‘rganilganda, murojaatchi 2020 yilda pandemiya tufayli daromadini yo‘qotgan oila  sifatida “Temir daftar”ga kiritilgani va unga bir bosh qoramol berilgani maʼlum bo‘ldi. Shuningdek, farzandlari ham “Yoshlar daftari”ga asbob-uskunalar mehnat qurollari uchun  subsidiya ajratilishi istagini bildirgan yoshlar sifatida ro‘yxatga olingan.

Ombudsman aralashuvi bilan murojaatchining farzandlarini doimiy daromadga ega bo‘lishi uchun “Yoshlar jamg‘armasi” hisobidan subsidiya asosida tikuv mashinasi berildi.

Shuningdek, murojaatchining boquvchisini yo‘qotgan qizi va nabiralarining uyini taʼmirlash uchun 1 tonna sement va 50 dona shifer hom ashyosi moddiy yordam sifatida berilgan.

Maʼlumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 11 martdagi “Yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaror bilan tasdiqlangan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi namunaviy nizomga ko‘ra “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari:

  • “Yoshlar daftari”ga kiritilgan moddiy ahvoli qiyin yoshlarga BHMning 4 baravarigacha miqdorda bir martalik moddiy yordam ko‘rsatishga;
  • yoshlarni tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha nodavlat taʼlim tashkilotlariga sarflanadigan xarajatlarning 75 foizigacha qismini qoplashga;
  • “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyati hamda o‘zini o‘zi band qilish maqsadida noturar joyning 12 oygacha ijara xarajatlarini ko‘pi bilan bir yilda BHMning 25 baravarigacha miqdorda qoplashga;
  • “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun BHMning 40 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratishga;
  • mamlakatimizdagi OTMda o‘qiyotgan “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandlari to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, ammo BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab berishga;
  • “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning ahvoli og‘ir bo‘lgan bemor farzandlariga mamlakatda yoki xorijiy davlatda davolanish bilan bog‘liq xarajatlarni BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda qoplashga yo‘naltiriladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot kotibi