Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquqlari bo‘yicha vakil Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansining VI-yig‘ilishida ishtirok etdi
Joriy yilning 28 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori, akademik, Akmal Saidov hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatovalar videokonferensaloqa shaklda o‘tkazilgan Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansining VI –yig‘ilishida kuzatuvchi sifatida ishtirok etishdi. "Yevroosiyo mintaqasida yoshlar huquqlarini himoya qilishning dolzarb muammolari bo‘yicha xalqaro ilg‘or tajribalar almashinuvi" mavzusida bo‘lib o‘tgan muloqotlarda ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Alyans yig‘ilishida Rossiya Federatsiyasi, O‘zbekiston, Serbiya, Armaniston, Qirg‘iziston, Mongoliya, Qozog‘iston, Eron va Tojikiston Ombudsmanlari va milliy inson huquqlari institutlari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va davlat hokimiyati organlari, inson huquqlari hamjamiyatlari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida yoshlar huquqlarini taʼminlash, jumladan, ularga taʼlim, sog‘liqni saqlash, mehnat va tadbirkorlik faoliyatlarini yuritishlarida yetarli imkoniyatlarni yaratish hamda ularni har tomonlama qo‘llab quvvatlash bilan bog‘liq masalalarni hal etish bo‘yicha eng samarali xorijiy amaliyotlar haqida maʼlumotlar berildi.

EOA yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) F.Eshmatova ham o‘z maʼruzasi bilan ishtirok etdi. U o‘z so‘zida O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangani va so‘nggi 5 yil ichida yoshlar huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha 50dan ortiq qonun va boshqa normativ huquqiy hujjatlar qabul qilingani, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlarga oid siyosatida ikkita eng muhim yo‘nalish sifatida ularga zamonaviy bilim berish va yoshlar bandligini taʼminlash masalalari belgilanganiga to‘xtaldi.

Shuningdek, Jenevada bo‘lib o‘tgan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 48-sessiyasida O‘zbekiston tashabbusi bilan ilgari surilgan COVID-19 pandemiyasining yoshlar huquqlariga taʼsiri to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilinganiga ham eʼtibor qaratdi.

Taʼkidlash lozimki, Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansi mintaqadagi inson huquqlari himoyachilarining saʼy-harakatlarini birlashtiradigan birinchi Ittifoq hisoblanadi. Ushbu tashkilot Yevroosiyo davlatlari ombudsmanlarining o‘zaro hamkorligini taʼminlab, o‘z mamlakatlari fuqarolarining chet eldagi muammoli masalalarini tezkor hal etish imkonini beradi.

Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansining VI -yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra, Yevroosiyo mintaqasida yoshlar huquqlari kafolatlarini taʼminlash mexanizmlarini mustahkamlashga doir masalalar muhokama qilinib, takliflar ishlab chiqildi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati