Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari global alyansining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi
2022 yilning 10 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning global alyansining yillik yig‘ilishida ishtirok etdi. Mazkur yig‘ilish inson huquqlarini taʼminlash sohasida faoliyat yuritadigan milliy institutlar faoliyatini yangi ilg‘or texnologiyalardan samarali foydalangan holda tashkil etish hamda Ombudsmanlarning o‘zaro tajriba almashish masalalariga bag‘ishlandi.

Yig‘ilishda xorijiy mamlakatlardagi inson huquqlari bo‘yicha milliy muassasalarining yuzdan ortiq vakillari ishtirok etdi. Tadbir ishtirokchilari fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish jarayoniga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali inson huquqlarini taʼminlanishiga erishish bo‘yicha qator davlatlar tajribasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Xususan, Koreya, Kolumbiya, Argentina, Kongo, Liviya, Armaniston, Ispaniya davlatlari raqamli davrda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova fuqarolarning inson huquq va manfaatlarini himoya qilish jarayonida Ombudsmanning o‘rni va amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha aholi xabardorligini oshirish, bunda faoliyatning ochiqligini taʼminlash bo‘yicha OAV, internet resurslari va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilib borilayotgan muntazam axborot va rasmiy munosabatlarga to‘xtaldi. O‘zbekistonda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda raqamli texnologiyalardan samarali foydalanilayotgani, xususan Ombudsman faoliyatida ham ijtimoiy tarmoqda eʼlon qilingan qonun buzilish holatlarini mintaqaviy vakillari yordamida o‘rganish va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar tashkil etilganiga eʼtibor qaratdi.  

Shuningdek, Feruza Eshmatova KOVID-19 pandemiyasiga qaramasdan, Ombudsman va uning Kotibiyati xodimlari yozma murojaatlarni ko‘rib chiqish bilan cheklanib qolmasdan, mamlakatimizning barcha hududlaridagi harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga monitoring tashriflarini amalga oshirganini taʼkidladi.

Qayd etish lozimki, 2020 yilda Global alyans tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari buyicha vakili (Ombudsman) faoliyatining Parij prinsiplariga muvofiqligi bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazilgan va unga “B” maqomi berilgan.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati