Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Senatorlar tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti maʼqullandi
Senatning 24-yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi. Mazkur masala yuzasidan Ombudsman Feruza Eshmatova so‘zga chiqdi.

Taʼkidlanishicha, hisobot yilida Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 18738 ta murojaat kelib tushdi. 

Shaxsiy huquqlar va erkinliklarga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida Ombudsman murojaatiga asosan masʼul idoralar tomonidan 15 ta jinoiy va 6 ta maʼmuriy, 9 ta intizomiy ish qo‘zg‘atildi, masʼul mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun 25 ta tekshiruv o‘tkazildi.10 nafar fuqaro ishga tiklandi

Ombudsman murojaatiga asosan sud qarorlariga nisbatan prokuratura organlari orqali 6 ta protest kiritildi.Murojaat qiluvchilar ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi 29 ta qaror bekor qilindi.

Hisobot yilida Ombudsman Qonunda belgilangan vakolatidan foydalanib hamda jismoniy shaxslarning mulk huquqlari kafolatlari masalasida ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga ko‘rib chiqish uchun 1 ta masala kiritdi.

Yig‘ilishda Ombudsman tomonidan ayrim mansabdor shaxslarning qonun normalari va talablariga nisbatan eʼtiborsizlik bilan munosabatda bo‘lishi, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishga yuzaki yondashishi, inson huquqlari borasidagi huquqiy asoslarni to‘liq bilmasligi hamon fuqarolar huquqlari buzilishining jiddiy sabablaridan biri bo‘lib qolayotgani qayd etildi.

2021 yilda Ombudsman hamda uning huzuridagi Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda 177 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. Mazkur tashriflar 2020 yilda 76 marotabani tashkil etgan.

Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 2021 yil davomida amalga oshirilgan monitoring tashriflari yakunlari yuzasidan muammo va takliflardan iborat 16 ta tahliliy maʼlumotnomalar, 2 ta tahliliy axborot hamda 1 ta taqdimnoma tayyorlangan.

Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan taqdim etilgan maʼlumotnomalarga ko‘ra, monitoring tashriflari davomida aniqlangan kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 3 nafar xodim intizomiy jazolangan, 1 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 3 nafar xodim Intizomiy kengashlarda muhokama qilingan va 1 nafar xodim ogohlantirilgan. Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 4 nafar xodim intizomiy jazolangan hamda autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektining 2 nafar masʼul xodimi egallab turgan lavozimidan ozod etilgan va ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar belgilangan.

Shuningdek, majlisda senatorlar tomonidan Ombudsmanga takroriy murojaatlar sonini kamaytirishga, vazirlik, davlat idoralari hamda nodavlat tashkilotlari bilan birgalikda mahallalarda fuqarolarni huquqiy madaniyati va bilimlarini oshirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish hamda murojaatlarda qayd etilgan muammolarni joyida hal etish borasida tegishli tavsiyalar berildi.

Muhokamalar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti senatorlar tomonidan maʼqullandi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati