Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“OZODLIKDAN MAHRUM ETISH JOYLARIDA INSON HUQUQLARINI TAʼMINLASH: O‘ZBEKISTON TAJRIBASI”  MAVZUSIDA XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA O‘TKAZILDI
Joriy yilning 25 mart kuni Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Ozodlikdan mahrum etish joylarida inson huquqlarini taʼminlash: O‘zbekiston tajribasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. 

Anjumanda BMTning narkotik va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), qator vazirlik, idora va tashkilotlar mutaxassislari, shuningdek mamlakatimiz hamda xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan ekspertlar ishtirok etdi. 

Konferensiya doirasida “Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) huzuridagi qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha preventiv mexanizm milliy tajribasi”, “O‘zbekiston Respublikasi jazoni ijro etish tizimida inson huquqlari bo‘yicha vakilning faoliyati”, “Ozodlikdan mahrum etilgan mahkumlar xavfsizligini taʼminlashning kriminologik muammolari”, “Yevropa penitensiar tizimlarining inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha tajribasi”, “Yangi O‘zbekiston strategiyasida mahkumlarning huquq va erkinliklarini liberallashtirish” va boshqa dolzarb mavzularda maʼruzalar tinglandi.

Ilmiy-amaliy anjuman davomida ekspert va mutaxassislar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish, ozodlikdan mahrum qilish joylarida mahkumlarning huquq va erkinligi hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularni axloqan tuzatishning samarali usul va shakllarini amaliyotga joriy qilish, jazoni ijro etish muassasasida tartibotni mustahkamlash, xorijiy davlatlarning mazkur sohadagi ilg‘or tajribalarini o‘rganishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha “Ozodlikdan mahrum etish joylarida inson huquqlarini taʼminlash: O‘zbekiston tajribasi” nomli ilmiy maqolalar to‘plamini chop etish rejalashtirilgan.