Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Samarqanddagi 37-son manzil-koloniyasidagi mahkumlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
2022 yilning 14 aprel kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Husanov, viloyat hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi, viloyat IIB,  Bandlik Bosh boshqarmasi va Sog‘liqni saqlash boshqarma masʼul xodimlari bilan Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi 37-sonli Manzil-koloniyasida sayyor qabul tashkil etildi. Sayyor qabulni tashkil etishdan maqsad - ushbu muassasada saqlanayotgan 702 nafar mahkum va mahkumalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish bilan birga murojaatlarni qabul qilishdan iborat edi.

Tadbirning 1-bosqichida Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan maxsus uskunalar bilan jihozlangan  2 ta avtobus va 6 xil turdagi ko‘chma tibbiy uskunalar jazoni ijro etish manzil-koloniyasiga olib kelindi. 16 nafar tajribali tibbiy xodimlar soat 09:00 dan boshlab 218 nafar mahkum va mahkumalarni 14 xil turdagi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi.

Bundan tashqari, tadbirning 2-bosqichda Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili, viloyat hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi, 37-sonli jazoni ijro etish manzil-koloniyasi rahbari, viloyat IIB,  viloyati Bandlik Bosh boshqarmasi va viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi ishtirokida 120 nafar mahkum va mahkumalar bilan jamoaviy uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, 2021 yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2022 yil 1 martdagi “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonlarining mazmun-mohiyati haqida tushuntirish berildi.

Tadbirning so‘nggi bosqichi sifatida Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda viloyat hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i birgalikda mahkum va mahkumalarning  murojaatlarini qabul qilishdi. Sayyor qabulda 24 nafar shaxslarning murojaatlari olingan bo‘lsa, ularning 10 nafariga joyida huquqiy tushuntirish berildi, qolgan 14 ta murojaat o‘rganish va chora ko‘rish uchun olib ketildi.

Ombudsmanning mintaqaviy vakili 37-sonli Manzil-koloniyasida  rahbariyatiga hududda ayollarni ko‘pligini hisobga olib “Onalar bog‘i” tashkil etish bo‘yicha tavsiya berdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati