Murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, o‘rganish uchun Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakil Jahongir Valiyevga yuborildi.
Jahongir Valiyev mazkur murojaatni joyiga chiqib o‘rgandi. O‘rganish jarayonidada “Yuksalish” umummilliy harakatining Namangan viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari, Chust tuman mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash bo‘limi xodimi, Buloqboshi MFY raisi hamda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha Chust tuman hokimining yordamchisi ham ishtirok etdi.
Aniqlanishicha, murojaatchi ayolning haqiqatdan ham oilaviy sharoiti og‘ir va ishsiz bo‘lgani uchun doimiy daromadga muhtoj.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, fuqaro M.N.ga Buloqboshi MFY tomonidan bir martalik 500 ming so‘m naqd pul ko‘rinishida moddiy yordam ajratildi va murojaatchi ayollar daftariga kiritildi.
Murojaatchining oylik daromadga ega bo‘lishi uchun hokim yordamchisi tomonidan “Har bir oila tadbirkor” dasturiga asosan imtiyozli kredit ajratildi. Mazkur mablag‘lar hisobiga fuqaroning chorvachilik bilan shug‘ullanishi uchun jami 32 mln so‘mlik 12 dona qo‘y uning xonadoniga yetkazib berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati