Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Asossiz ravishda intizomiy choralar qo‘llanilib, ishdan bo‘shatilgan xodim ishga tiklandi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakiliga fuqaro M.B. nohaq ishdan bo‘shatilgani bo‘yicha murojaat qilgan edi.

Murojaatda ko‘rsatilishicha, fuqaro M.B. Farg‘ona tumani Kasb-hunarga o‘qitish markazida 0,5 stavka yuriskonsult, 0,5 stavka ish yurituvchi lavozimida ishlab kelgan. Lekin, markaz direktorining buyruqlari bilan noqonuniy ravishda intizomiy javobgarlikka tortilib, ishdan bo‘shatishgacha choralar ko‘rilgan.

Mazkur holat Ombudsmanning mintaqaviy vakili tomonidan viloyat bandlik Bosh boshqarmasi mutaxassislari jalb qilingan xolda o‘rganildi. Aniqlanishicha, murojaatchiga Markaz direktorining buyrug‘i bilan 2 ta “hayfsan” va 1 marotaba oylik ish xaqining 30 foizi miqdorida jarima intizomiy choralari qo‘llanilgani va O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qismi 3,4-bandlariga asosan Mehnat shartnomasi bekor qilingan.

O‘rganish jarayonida mehnat qonunchiligiga zid holatlar aniqlangani sababli, Davlat Mehnat inspeksiyasi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudiga yuqorida ko‘rsatilgan qonunga zid buyruqlarni bekor qilish va M.Bni ishga tiklash, majburiy progul davri uchun ish xaqi undirish haqida daʼvo arizasi kiritildi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining tegishli hal qiluv qarori bilan daʼvo talablari qanoatlantirildi va fuqaro M.B. o‘z lavozimiga tiklandi. Majburiy progul kunlari uchun 3 mln so‘m ish xaqi undirildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati