Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman taqdimnomasiga asosan g‘ayriqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilgan xodim o‘z lavozimiga tiklandi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Xorazm viloyati Shovot tumanida yashovchi fuqaro S.R. mehnat huquqlarining buzilgani bo‘yicha murojaat qildi.

Uning yozishicha, Shovot tumanidagi tashkilotlardan birida (murojaatchi iltimosiga ko‘ra uning avvalgi ish joyi oshkor etilmadi) yetakchi mataxassis lavozimida ishlab kelgan va 2022 yil 14 aprel kunidan boshlab ish beruvchi undan ishdan bo‘shash to‘g‘risida ariza berishini talab qilib, tazyiq o‘tkazib kelingan.

Mazkur holat Ombudsman nazoratiga olinib, joyiga chiqib o‘rganilganida murojaatda keltirilgan vajlar qisman tasdiqlandi.

Yaʼni, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasiga taqdimnoma kiritilib, unda S.R.ning ichki mehnat tartib qoidalarini qo‘pol ravishda buzib kelganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi MKning 100-moddasi 2-qismining 3-bandiga asosan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga rozilik so‘ralgan.

Ushbu taqdimnoma rad etilishiga qaramasdan, ish beruvchi mansabdor shaxsning 2022 yil 15 iyul kuni S.R.ning egallab turgan lavozimidan qonunga xilof ravishda ozod etgan.

Ombudsman mazkur murojaat yuzasidan tegishli vazirlikka taqdimnoma kiritib, unda murojaatchi S.R.ning egallab turgan lavozimidan g‘ayriqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilishi bilan bog‘liq harakatlariga huquqiy baho berib, qonunni buzgan mansabdor shaxsga nisbatan tegishli chora ko‘rilishini so‘radi.

Ombudsman taqdimnomasiga asosan, fuqaro S.R. bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruq bekor qilinib, xodim avvalgi vazifasiga ishga qayta tiklangan.

Ish beruvchiga nisbatan esa O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 181-moddasiga asosan “Hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘lanilgan.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati