Mazkur uchrashuvni “Ombudsman klubi”ga aʼzo bo‘lish istagida bo‘lgan talabalarni Ombudsman faoliyati bilan yaqindan tanishtirish va ular bilan o‘zaro fikr almashish hamda faol klub aʼzolarini taqdirlash maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuvda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova talabalarga Ombudsman institutining asosiy faoliyat yo‘nalishlari bilan tanishtirdi.
Taʼkidlanishicha, hozirda dunyoning 200 ga yaqin mamlakatida Ombudsman instituti joriy etilgan va ular mustaqil tashkilot sifatida faoliyat yuritadi. MDH davlatlari orasida esa O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib 1995 yil 23 fevral kuni Ombudsman instituti joriy etilgan. O‘tgan davr mobaynida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ko‘plab fuqarolarning jumladan harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ldi. Bir qancha xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi
Ombudsman – bu mamlakatdagi inson huquqlarining buzilishiga oid masalalar haqida bong uradigan mustaqil tashkilot hisoblanadi. Qonun buzilishiga oid holatlar esa fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar tahlili asosida aniqlanadi. Bizning vazifamiz, nafaqat murojaatlarni ko‘rib chiqish, balki masalalarni keltirib chiqarayotgan sabablarni aniqlash va ularni tizimli bartaraf etishdir. Ombudsmanning qonunchilik tashabbusi huquqi esa qonun hujjatlarida aniqlangan bo‘shliqlarni to‘ldirishda muhim vosita hisoblanadi – dedi Ombudsman Feruza Eshmatova.
Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari va magistrlari ishtirok etgan ochiq muloqot savol javoblarga boy tarzda o‘tdi.
Samimiy ruhda o‘tkazilgan uchrashuv “Ombudsman klubi”ga aʼzo eng faol talabalarga faxriy yorliqlar topshirish marosimi bilan yakunlandi. Faol klub aʼzolari sifatida Magistratura Davlat boshkaruvi fakulteti1-bosqich talabasi Diyora Abdullayeva, Xalqaro huquq fakulteti 4-bosqich talabasi Dinora Sultonova, Ommaviy Hukuk fakulteti 4-bosqich talabasi Barno Bobomurodova hamda Xalqaro huquq fakulteti 4-bosqich talabasi Dinara Saidaripovalar eʼtirof etildi.
Tadbirda taʼkidlanishicha, “Ombudsman klubi” aʼzolari darsdan so‘ng Ombudsman instituti mutaxassislariga biriktirilgan holda murojaatlar bilan ishlash, qabullarda ishtirok etish kabi yo‘nalishlarda o‘z ko‘nikmalarini oshirishlari va amaliyot o‘tashlari mumkin.
Uchrashuv savol-javoblarga boy tarzda, erkin muloqot shaklida o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, “Ombudsman klubi”ga TDYUUning 2-4 kurs talabalari va 1-2 kurs magistrantlari qabul qilinishi mumkin.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati