Amalga oshirilgan monitoring tashrifi davomida, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarda yaratilgan shart-sharoitlari, xususan, turkum yotoq joylari, maishiy xonalar, oshxonalar, hammomlar, kameralar holati, kutubxonalar, davolash-profilaktika yordam ko‘rsatish bo‘limlari, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududlari o‘rganildi.
Shuningdek muassasalarda o‘rnatilgan “Ombudsman quti"lari ko‘zdan kechirildi va murojaatlar ijro uchun qabul qilindi. Shu bilan birga yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning iltimosiga ko‘ra, ular holi tarzda qabul qilindi va murojaatlari nazoratga olindi. Uchrashuvlarda qiynoqqa solish holatlari va muassasadagi sharoitlar yuzasidan shikoyatlar kelib tushmadi. Shikoyatlarning aksariyat qismi, tayinlangan jazoni yengillashtirilishida, jazo muddatini o‘tashi davomida sodir qilgan intizombuzarligi uchun qo‘llanilgan intizomiy jazolarni muddatidan oldin olib tashlashda hamda oilasiga moddiy yordam ajratilishida va oilaviy sharoitini inobatga olib, yashash hududiga yaqin joydagi koloniyalardan biriga o‘tkazish masalasida bo‘ldi.
Monitoring davomida mahkumlarni davolash uchun dori vositalari zaxirasi, ularni saqlash muddati va tartibi, muolajalarni qayd etish kitoblari, mavjud tibbiy asbob-uskunalar, tibbiyot xodimlarining belgilangan shtat birligi bo‘yicha shakllanganligi o‘rganildi. Davolash bo‘limida davolanayotgan mahkumlar holidan xabar olindi, ular bilan suhbat o‘tkazilib ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning o‘z vaqtida ko‘rsatilishi va sifati bo‘yicha maʼlumotlar olindi.
Jazoni ijro etish muassasalaridagi kutubxonalarda mahkumlar uchun huquqiy, diniy va badiiy adabiyotlar fondi yetarli darajada tashkil etilib ulardan foydalanish uchun sharoitlar yaratilgan.
Tashrif davomida mahkumlar bilan jamoaviy uchrashuvlar ham o‘tkazildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati