Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Alimovning Sirdaryo “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyiga amalga oshirgan o‘rganishlarida bir guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud emasligi aniqlandi.
Shundan so‘ng, davlat qaramog‘ida bo‘lgan 5 nafar imkoniyati cheklangan fuqaroning tegishli maʼlumotlari to‘planib, ularning tug‘ilganlik faktini tasdiqlash bo‘yicha Fuqarolik ishlari bo‘yicha Sirdaryo tumanlararo sudiga Ombudsman tomonidan daʼvo arizasi kiritildi.
Shu yilning dekabr oyida Sirdaryo “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyida bo‘lib o‘tgan sayyor sud majlisida Ombudsman daʼvo arizasi qanoatlantirildi.
Shuningdek, Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Navoiy viloyat asab-ruhiy kasalliklar dispanseri hamda Nurota “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan erkaklar internat uyiga qilingan monitoring tashriflari davomida ham 4 nafar fuqarolarda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘qligi aniqlangan.
Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakilining saʼy-harakatlari, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, uning migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi hamkorligida to‘rt nafar fuqaroga shaxsini tasdiqlovchi ID kartalar rasmiylashtirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati