Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori Foziljon Otaxonov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova va Xalqaro Respublika instituti Markaziy Osiyo, Rossiya, Kavkaz, Belarus va Ukrainadagi dasturlari bilan Yevroosiyo bo‘yicha katta mintaqaviy direktori Stiven Niks kirish so‘zlari bilan ochib berishdi.
Davra suhbatida tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda so‘nggi yillarda olib borilayotgan islohotlar, xususan Konstitutsiyaviy islohotlar hamda unda fuqarolarimiz va fuqarolik jamiyati vakillarining ishtiroki yuzasidan maʼlumotlar berib o‘tildi.
AQSH Sobiq Kongressmeni Piter Roskam O‘zbekistonning Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishdagi saʼyi-harakatlarini ijobiy baholadi. U o‘z so‘zida amerikalik siyosatchi va diplomat, AQSHning uchinchi prezidenti Tomas Jefferson tomonidan ishlab chiqilgan «Amerika Qo‘shma Shtatlari mustaqillik Deklaratsiyasi»ni misol sifatida keltirildi va uni ishlab chiqish ham maʼlum bir vaqt talab etganligini qayd etdi.
Shuningdek, fuqarolarning konstitutsiyaviy islohotlardagi ishtiroki borasidagi AQSH tajribasi haqida to‘xtalib o‘tdi.
AQSH IRI Xalqaro Respublika Instituti vakillarining mamlakatimizga tashrifi doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti vakillari bilan ham uchrashishdi. Uchrashuv davomida Xalqaro Respublika Instituti tomonidan hamkorlik bo‘yicha taklif etilgan “Yo‘l xarita”si loyihasi muhokama qilindi.
Uchrashuv jarayonida mehmonlar Ombudsman institutining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, jumladan murojaatlar bilan ishlash, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari hamda xalqaro hamkorlik borasida faoliyati bilan tanishtirildi.
Xalqaro Respublika Instituti vakillari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirib o‘tdi.
Shu bilan birga, Xalqaro Respublika Instituti vakillari tomonidan O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tishni va o‘z ofisini ochishni rejalashtirilayotganligi maʼlum qilindi.
Uchrashuv konstruktiv muloqot, o‘zaro anglashuv muhitida hamda do‘stona ruhda o‘tdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati