Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Bir xonadonda 2 nafar nogironligi bor shaxs yashasa, ularning faqat bittasiga ijtimoiy yordam ko‘rsatiladimi?
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Navoiy shahrida yashovchi fuqaro V.N. 1-guruh nogironligi bo‘lgan ukasi S.N.ga ijtimoiy yordam ko‘rsatilmayotganidan norozi bo‘lib murojaat qildi.

Ushbu murojaat Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Jo‘rayevga joyiga chiqib o‘rganish uchun yuborildi.  Mintaqaviy vakil Viloyat tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi, Pensiya va nafaqalarni tayinlash, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari masʼullari ishtirokida ishchi guruh tuzib, murojaatni joyiga borib o‘rgandi. Murojaatchi va uning ukasi bilan suhbat o‘tkazildi, masalaga tegishli hujjatlar o‘rganildi.

Aniqlanishicha, bir xonadonda nogironligi bo‘lgan aka-uka fuqarolar yashashadi.  Ularning har ikkalasi ko‘z kasalliklari bo‘yicha 1-guruh nogironi sifatida ro‘yxatda turadi. Lekin ularning bittasigagina imtiyozlar belgilangan. Yaʼni, akasi tegishli qonun hujjatlariga ko‘ra, Navoiy shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limi tomonidan biriktirilgan ijtimoiy xodim belgilangan grafik asosida ijtimoiy xizmat ko‘rsatib keladi hamda har oyda bepul yetkazib beriladigan oziq-ovqat mahsulotlari, gigiyena tovarlari o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravarida  qo‘shimcha to‘lovlar berib kelinadi. 1-guruh nogironi bo‘lgan uka esa hech qanday yordam olmaydi.  

Fuqaro S.N.ni yakka-yolg‘izlar ro‘yxatiga kiritish va belgilangan imtiyozlardan foydalanishi uchun tegishli tashkilotlarga murojaat qilindi va Ombudsman xulosasi yuborildi. Hozirda unga uy ishlarida yordam qilish uchun ijtimoiy xodim biriktirildi va har oyda qo‘shimcha to‘lov amalga oshirilishi taʼminlandi. Uzoq vaqtdan beri hal bo‘lmagan murojaat Ombudsman aralashuvidan so‘ng ijobiy yechim topdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati