Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ish vaqtida jarohatlangan fuqaroga to‘lanishi kerak bo‘lgan mablag‘ kamaytirib to‘lanayotgani aniqlandi - Ombudsman
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga (ombudsmanga) Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanida yashovchi 2-guruh nogironi Q.D. mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan pul mablag‘lari kam miqdorda to‘lab kelinayotgani haqida murojaat qildi. Murojaatchining yozishicha, uning ish beruvchiga qilgan murojaatlari eʼtiborsiz qoldirib kelinmoqda.

Murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, joyiga chiqib o‘rganish uchun Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakiliga yuborildi.

Aniqlanishicha, murojaatchi Q.D. 2003 yilning may oyida ishlab chiqarishga bog‘liq ravishda tan jarohati olgan. Shundan so‘ng, “SANOATTEXMONTAJ” MCHJ tomonidan mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi uchun 90% pul mablag‘lari to‘lab berilishi belgilangan.

Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida, viloyat Bandlik bosh boshqarmasiga so‘rov xati yuborilib, 2-guruh nogironi fuqaro Q.D.ga Jamiyat tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan summa grafigi olindi.

Taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, haqiqatdan ham “SANOATTEXMONTAJ” MCHJ tomonidan fuqaro Q.D.ga 2021-2022 yillarda Mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi uchun regress to‘lovlaridan salkam 17 mln so‘m mablag‘ kam to‘langani aniqlandi.

Shundan so‘ng, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan fuqaro manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritildi.

2023 yil 13 yanvardagi sud majlisida, Ombudsman daʼvo arizasi to‘liq qanoatlantirilib, 2-guruh nogironi fuqaro Q.D.ga kam to‘langan summa to‘lab berilishi belgilandi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati