Mustaqil komissiya iltimosiga ko‘ra, Nukus voqealari bo‘yicha gumondorlar Azamat Nuratdinov, Axmet Smetullayev va Lolagul Kallixanovalar jazosi sud tomonidan yengillashtirilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi ozodlikni cheklashga o‘zgartirildi. Ular sud zalidan ozodlikka chiqarildi.
Jurnalist Qallixanova uyushgan guruhga birlashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali separatizm (ayirmachilik) g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, aholini ommaviy tartibsizlikka daʼvat qiluvchi materiallarni tarqatib kelganlikda ayblanayotgandi. Prokuror unga 11 yillik qamoq jazosi so‘ragandi.
Berdaq Genjebayev (1996 yil) Jinoyat kodeksining 164-moddasi 2-qismi “b” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib talon-toroj qilish) va 227-moddasi 2-qismi “a” bandi (pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-karta, harbiy bilet yoki boshqa muhim shaxsiy hujjatlarga nisbatan yoxud o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) bilan aybdor deb topildi. Sud tomonidan 5 yilga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.
Prokuror avvalroq uni 3 yilga ozodlikdan cheklash jazosini berishni so‘ragan edi.
Sud Salamat Kalilayevga nisbatan (1976 yilda tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi (Qurol yoki qurol sifatida foydalaniladigan boshqa narsalarni ishlatib yoxud ishlatish bilan qo‘rqitib shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatish, qirg‘in solish, o‘t qo‘yish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish, hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish orqali sodir etilgan ommaviy tartibsizliklar tashkil qilish, shuningdek, ommaviy tartibsizliklarda faol qatnashish) 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati