Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman faoliyati muhokama qilindi
2023 yilning 31 yanvar kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya aʼzolarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yangi tarkibdagi komissiya aʼzolarining joriy yildagi ilk yig‘ilishida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2022 yildagi faoliyati ko‘rib chiqildi.

Maʼlumki, Ombudsman faoliyati to‘g‘risidagi hisobot O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislarida har yili eshitiladi. Bundan avval esa Ombudsman huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya aʼzolari bilan birgalikda muhokama qilinadi.

Tadbirda so‘z olgan Ombudsman F.Eshmatova, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili 2022 yilda o‘z faoliyatini inson huquq va erkinliklarini taʼminlashga yo‘naltirib, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashga, qonunchilikni va normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirishga hamda monitoring faoliyatiga, qiynoq holatlarining oldini olishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga hamda Ombudsman faoliyatining ochiqligi va shaffofligiga qaratganini qayd etdi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, hisobot yilida Ombudsman nomiga jami 17761 ta murojaat (2021 yilda 18738 ta) kelib tushgan. Jumladan, kelib tushgan murojaatlarning 14526 tasi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan, chet el fuqarolaridan va xorijiy davlatlar ombudsmanlaridan, 3235 tasi jazoni ijro etish muassasalaridan yuborilgan.

2022 yilda Ombudsman tomonidan fuqarolar murojaatlarini o‘rganish davomida aniqlangan buzilgan huquqlarni tiklash yuzasidan tashkilot yoki mansabdor shaxslarga 134 ta taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritildi. Ushbu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 42,5 foizga oshgan.

Shuningdek, komissiya aʼzolariga Ombudsmanning Qiynoqlarni oldini olish, monitoring va huquqiy tahlil, xalqaro hamkorlik, huquqiy targ‘ibot va jamoatchilik bilan ishlash yo‘nalishidagi faoliyati haqida ham maʼlumotlar berildi.

Yig‘ilish davomida majlis kun tartibiga qo‘yilgan barcha masalalar yuzasidan aniq takliflar bildirildi va komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati