Yig‘ilishda so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili F.Eshmatova o‘tgan 2022 yil mamlakatimizda inson huquqlari to‘g‘risidagi milliy qonun hujjatlarini takomillashtirish, unga rioya etilishini monitoring qilish, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, aholi va davlat organlari vakillari huquqiy ongini hamda xabardorligini oshirish, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlik qilish, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalariga muntazam kirib turish orqali mahkumlarni qiynoqqa solishning oldini olish borasida Ombudsmanning o‘rni va roli sezilarli darajada oshganini qayd etdi.
Ombudsman o‘z faoliyatini amalga oshirishda eng avvalo, fuqarolarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilayotganligi haqida murojaatlarini tahlil qilish, inson huquqlarining buzilishi to‘g‘risidagi axborotlarni o‘rganish, qonun loyihalarining huquqiy ekspertizasi natijasida Ombudsman xulosalarini taqdim etish, ishlab chiqilgan va muhokamaga qo‘yilgan qonun loyihalari yuzasidan taklif va mulohazalarni kiritish, qonun hujjatlaridagi nomuvofiqliklarni bartaraf etish, inson huquqlari bilan bog‘liq bo‘lgan xalqaro hujjatlarni o‘rganishga alohida eʼtibor qaratdi.
Qayd etilganidek, hisobot yilida Ombudsman nomiga jami 17761 ta murojaat (2021 yilda 18738 ta) kelib tushgan. Jumladan, kelib tushgan murojaatlarning 14526 tasi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan, chet el fuqarolaridan va xorijiy davlatlar ombudsmanlaridan, 3235 tasi jazoni ijro etish muassasalaridan yuborilgan.
O‘tgan yilgi murojaatlarning hududlar kesimidagi tahlili shuni ko‘rsatdiki, eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahri, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlaridan kelganligi maʼlum bo‘ldi.
2022 yilda Ombudsman tomonidan fuqarolar murojaatlarini o‘rganish davomida buzilgan huquqlarni tiklash yuzasidan tashkilot yoki mansabdor shaxslarga 134 ta taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilgan. Jumladan, davlat organlari va tashkilotlari va sudlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 20 ta taqdimnoma, 36 ta xulosa, 78 ta daʼvo arizalari kiritilgan. Eʼtiborlisi, ushbu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 42,5 foizga oshgan.
Komissiya aʼzolari Ombudsmanning 2022 yildagi faoliyati bo‘yicha taqdim etilgan axborotni tinglar ekan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanilishining oldini olish maqsadida o‘tkazilgan monitoringlar soni va sifati o‘sib borayotganini alohida eʼtirof etishdi.
Xususan, 2022 yilda o‘tkazilgan monitoring tashriflari soni 381 marotabani (2021 yilda 177 ta monitoring tashriflari) tashkil etib, bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 2,2 barobarga oshgani, jazoni ijro etish muassasalarida inson huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.
Shuningdek, o‘tgan yil davomida Ombudsman nomiga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari tomonidan jami 3235 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 52,5 foizi bevosita mahkum va mahbuslar tomonidan yuborilgan.
Ombudsman so‘roviga asosan prokuratura idoralari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi 43 ta (2021 yilda 32 ta) qarorning barvaqt qabul qilinganligi aniqlangan. Ushbu qarorlar bekor qilinib, qo‘shimcha surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish belgilangan.
Bugun mamlakatimizda bolalar manfaatlarini taʼminlash, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishidan biriga aylandi. Yig‘ilish davomida Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) tomonidan amalga oshirilgan ishlarga ham to‘htalib o‘tildi.
Xususan, 2022 yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi jismoniy va yuridik shaxslari, bolalar hamda ularning qonuniy vakillari tomonidan 696 ta murojaatlar kelib tushgan. Shundan shaxsiy qabulda 275 ta, pochta va Ombudsmanning virtual qabulxonasi orqali 386 ta, “Ishonch telefoni” orqali 35 ta murojaatlar qabul qilingan.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan chet elda ota-ona qaramog‘isiz qolib ketgan bolalarni yurtimizga qaytarishda Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda 2022 yil davomida Rossiya Federatsiyasidan 37 nafar, Qozog‘iston Respublikasidan 4 nafar, Turkiya davlatidan 2 nafar voyaga yetmaganlar jami 43 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgan..
2022 yilda yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar 11549 nafarni tashkil qilgan. Ushbu bolalarning 11162 nafari (96,7 foiz) oilalarga va bolalar muassasalariga joylashtirilgan (9010 nafariga vasiylik-homiylik belgilangan, 2024 nafari oilalarga tarbiyaga berilgan, 128 nafari bolalar tarbiya muassasalariga joylashtirilgan). Qolgan 387 nafarini (3,3 foizi) oilalarga joylashtirish choralari ko‘rilmoqda. 652 nafar bolalarning ota-onalari ota-onalik huquqini suisteʼmol qilganliklari, bolalarni tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bosh tortganliklari uchun ota-onalik huquqlaridan mahrum etilgan.
Shuningdek, Parlament komissiyasi aʼzolariga Ombudsmanning huquqiy tahlil, xalqaro hamkorlik, huquqiy targ‘ibot va jamoatchilik bilan ishlash yo‘nalishidagi faoliyatlari yuzasidan ham maʼlumotlar berildi.
Yig‘ilish yakunida komissiya aʼzolari tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini yana-da takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi hamda ko‘rib chiqilgan mazkur masala yuzasidan Parlament komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati