Yig‘ilishda dastlab Prezidentimizning hududlar iqtisodiyoti, aholi bilan muloqot qilish maqsadida Jizzax viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari ijrosi yuzasidan partiya va fraksiya oldidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
—Keyingi yillarda mamlakatimizning barcha viloyatlarida bo‘lgani kabi Jizzaxda ham aholi turmush farovonligini ta’minlash borasida ulkan ishlar amalga oshirildi, —deydi quyi palatadagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov. — Ayniqsa, yangi-yangi korxonalarning ochilishi natijasida aholi ish bilan ta’minlanib, oilalar turmush farovonligi yanada yuksalmoqda. Joriy yilda ham reja va maqsadlar yanada ulkan. Boisi tashrif chog‘ida qator vazifalar belgilab berildiki, ularning ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash O‘zLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi a’zolaridan ham yakdillik va faollik talab etadi. Biz deputatlar ushbu topshiriqlar ijrosini sifatli va yuqori saviyada ta’minlashda faol va tashabbuskor bo‘lamiz.
Shundan so‘ng, yig‘ilishda Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Ombudsmanning o‘rni va ahamiyati sezilarli darajada oshib bormoqda. Xususan, Ombudsman jamoatchilik vakillarini jalb qilgan holda jazoni ijro etish muassasalariga monitoring tashriflarini amalga oshiryapti. Mahkumlar bilan bevosita suhbatlar olib borib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘rayotir.
Shuningdek, Ombudsman tomonidan mulk va mulk daxlsizligi huquqi, firibgarlik, meros huquqi, adolatli mehnat sharoitlariga bo‘lgan huquq, kredit olish huquqi hamda shartnomaviy munosabatlarga doir masalalar iqtisodiy huquqlar doirasida o‘rganilmoqda. Tadbirkorlarning huquqlari bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqilyapti.
Hisobot davrida Ombudsmanga fuqarolarning iqtisodiy huquq va erkinliklarini ta’minlash yuzasidan 2977 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 1202 tasi mulk va mulk daxlsizligi, 897 tasi esa mehnat va adolatli mehnat sharoitlariga bo‘lgan huquqlar tashkil etadi. Murojaatlarning 610 tasi Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, ularning 165 tasi ijobiy hal etilgan.
O‘tgan davrda Ombudsman nomiga fuqarolarning tadbirkorlik huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq 478 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rildi. Shu bilan birga, Ombudsman tomonidan fuqarolarning soliq munosabatlari bilan bog‘liq bo‘lgan murojaatlari yuzasidan tegishli ishlar amalga oshirildi va ko‘plab masalalar ijobiy hal etilishiga erishildi.
Muhokamalar davomida bildirilgan fikr-mulohazalar inobatga olingan holda, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti ma’qullandi.