Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili F.Eshmatova ta’kidlaganidek, o‘tgan 2022 yil mamlakatimizda inson huquqlari to‘g‘risidagi milliy qonun hujjatlarini takomillashtirish, unga rioya etilishini monitoring qilish, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, aholi va davlat organlari vakillari huquqiy ongini hamda xabardorligini oshirish, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlik qilish, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalariga muntazam kirib turish orqali mahkumlarni qiynoqqa solishning oldini olish borasida Ombudsmanning o‘rni va roli sezilarli darajada oshdi.
Ombudsman o‘z faoliyatini amalga oshirishda eng avvalo, fuqarolarning huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilayotganligi haqidagi murojaatlarini tahlil qilish, inson huquqlarining buzilishi to‘g‘risidagi axborotlarni o‘rganish, qonun loyihalarining huquqiy ekspertizasi bo‘yicha Ombudsman xulosalarini taqdim etish, ishlab chiqilgan va muhokamaga qo‘yilgan qonun loyihalari yuzasidan takliflar ishlab chiqish, qonun hujjatlaridagi nomuvofiqliklarni bartaraf etish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro hujjatlarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratdi.
Majlisda qayd etilganidek, hisobot yilida Ombudsman nomiga jami 17761 ta murojaat (2021 yilda 18738 ta) kelib tushgan. Ularning 14526 tasi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet el fuqarolari, xorijiy davlatlar ombudsmanlaridan, shuningdek, 3235 tasi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar va ularning qonuniy vakillari tomonidan yuborilgan.
2022 yilda Ombudsman tomonidan fuqarolar murojaatlarini o‘rganish davomida buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan tashkilot va mansabdor shaxslarga 134 ta ta’sir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilgan. Xususan, davlat organlariga, tashkilotlariga hamda sudlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 20 ta taqdimnoma, 36 ta xulosa, 78 ta da’vo arizalari kiritilgan. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 42,5 foizga oshgan.
Deputatlar Ombudsmanning 2022 yildagi faoliyati yakunlari bo‘yicha taqdim etilgan hisobotni tinglar ekan, qiynoqqa solish, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanilishining oldini olish maqsadida o‘tkazilgan monitoringlar soni va sifati o‘sib borayotganini alohida e’tirof etishdi.
Masalan, 2022 yilda o‘tkazilgan monitoring tashriflari soni 381 marotabani (2021 yilda 177 ta monitoring tashriflari) tashkil etib, bu ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 2,2 barobarga oshgan. Natijada jazoni ijro etish muassasalarida inson huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini ta’minlashga erishilgan.
Shuningdek, o‘tgan yil davomida Ombudsman nomiga harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari tomonidan jami 3235 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 52,5 foizi bevosita mahkum va mahbuslar tomonidan yuborilgan.
Ombudsman so‘roviga asosan prokuratura idoralari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi 43 ta (2021 yilda 32 ta) qarorning barvaqt qabul qilingani aniqlangan. Ushbu qarorlar bekor qilinib, qo‘shimcha surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish belgilangan.
Mamlakatimizda bola huquqlari, erkinliklari va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Majlisda Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning 2022 yildagi faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tildi va hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan deputatlarga batafsil axborot berildi.
Ta’kidlanganidek, 2022 yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi jismoniy va yuridik shaxslari, bolalar hamda ularning qonuniy vakillari tomonidan 696 ta murojaatlar kelib tushgan. Shundan shaxsiy qabulda 275 ta, pochta va Ombudsmanning virtual qabulxonasi orqali 386 ta, “Ishonch telefoni” orqali 35 ta murojaatlar qabul qilingan.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan chet elda ota-ona qaramog‘isiz qolib ketgan bolalarni yurtimizga qaytarishda Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda 2022 yil davomida Rossiya Federatsiyasidan 37 nafar, Qozog‘iston Respublikasidan 4 nafar, Turkiya davlatidan 2 nafar voyaga yetmaganlar jami 43 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgan.
2022 yilda yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar 11549 nafarni tashkil qilgan. Ularning 11162 nafari oilalarga va bolalar muassasalariga joylashtirilgan (9010 nafariga vasiylik-homiylik belgilangan, 2024 nafari oilalarga tarbiyaga berilgan, 128 nafari bolalar tarbiya muassasalariga joylashtirilgan). Qolgan 387 nafarini oilalarga joylashtirish choralari ko‘rilmoqda. 652 nafar bolalarning ota-onalari ota-onalik huquqini suiste’mol qilganliklari, bolalarni tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bosh tortganliklari uchun ota-onalik huquqlaridan mahrum etilgan.
Shuningdek, majlisda Ombudsmanning huquqiy tahlil, xalqaro hamkorlik, huquqiy targ‘ibot va jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishidagi faoliyatlari yuzasidan ham ma’lumotlar berildi.
Majlis yakunida deputatlar tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi hamda ko‘rib chiqilgan mazkur masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.