Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman faoliyati natijadorligi 2021 yilga nisbatan 2,5 barobarga oshgan
2023 yilning 7 aprel kuni Senat yalpi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsman) 2022 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti muhokama qilindi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova hisobot berdi.

Taʼkidlanishicha, 2022 yilda Ombudsman nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan, chet el fuqarolaridan va xorijiy davlatlar ombudsmanlaridan, shuningdek harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda saqlanayotgan shaxslardan, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilaridan (advokatlardan) jami 17761 ta murojaat kelib tushib, 2021 yilga nisbatan 977 taga yoki 5,2 foizga kamaygan.

Murojaatlarning 95 tasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni talablariga muvofiq anonim deb topilgan bo‘lsa-da, lekin ularda ko‘tarilgan muammoli masalalar tahlillarda o‘z aksini topdi.

Ombudsmanga yuborilgan takroriy murojaatlar sonini keskin kamaytirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida takroriy murojaatlarning soni 2022 yilda 2021 yiga nisbatan 734 taga yoki 15,8 foizga kamaydi.

Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar viloyatlar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p murojaatlar Qashqadaryo (2297 ta), Toshkent shahri (2079 ta), Surxondaryo (1582 ta) va Toshkent viloyatidan (947 ta), eng kam murojaatlar esa Sirdaryo (267 ta), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (292 ta) va Andijon viloyatidan (388 ta) kelib tushdi.

Murojaatlar tuman va shaharlar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p murojaatlar Qashqadaryo viloyatining Koson tumani (600 ta) va Qarshi shahridan (414), Surxondaryo viloyatining Denov tumanidan (370 ta) kelib tushgan.

Kelib tushgan murojaatlar tahlil qilinganda, murojaatlarning 31,4 foizi ijtimoiy huquqlar, 27,7 foizi murojaat etish huquqi hamda siyosiy huquq va erkinliklar, 24,2 foizi iqtisodiy huquqlar yo‘nalishida bo‘ldi. 

2022 yilda Ombudsman tomonidan davlat organlari va idoralariga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 134 ta taʼsir choralari shaklidagi hujjatlar kiritilib, ularning 20 tasi xulosa, 36 tasi taqdimnoma hamda 78 tasi daʼvo arizalarni tashkil qildi. Kiritilgan taʼsir choralarining 73,1 foizi ijobiy xal etildi.

Ombudsman so‘roviga asosan vakolatli davlat organlari masʼul xodimlari harakatlarida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 3 nafar masʼul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 22 nafar masʼulga “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan, 6 nafar masʼulga o‘rtacha oylik ish haqining 30,0 foizi miqdorida “jarima” intizomiy jazosi qo‘llanilgan, 3 nafar masʼul xodim o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashganligi uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 3 nafar masʼul xodimlari o‘z vazifasini lozim darajada bajarmaganligi uchun intizomiy javobgarlikka tortilgan, 1 nafariga qattiq ogohlantirish berilgan.

2022 yilda fuqarolarning murojaatlari asosida undirilgan hamda undirishi belgilangan mablag‘lar 2 mlrd. 372 mln.so‘mni tashkil etdi. Shundan, 45,4 mln.so‘mdan ortiq aliment to‘lovlari, 505,9 mln. so‘mi fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bog‘liq to‘lovlardir.

Shuningdek, 13 nafar fuqaro ishga tiklandi, 4 nafar fuqaro ish bilan taʼminlandi. 14 nafar fuqaroning zararli mehnat sharoitlarida ishlaganlik fakti belgilandi. 7 nafar fuqaroga pensiya hisoblashda inobatga olinmagan staj qayta hisoblab chiqilishi belgilangan, 11 nafar fuqaroning o‘lim fakti belgilandi. Muruvvat uylarida yashovchi 27 nafar shaxslarning tug‘ilganlik fakti belgilandi va hujjatlari rasmiylashtirilishida ko‘maklashildi.

2022 yilda Ombudsman nomiga jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar, ularning yaqin qarindoshlari va himoyachilari (advokatlari) tomonidan turli masalalarda 3235 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 1699 tasi yoki 52,5 foizi bevosita mahkum va mahbuslar tomonidan yuborilgan.

Ombudsman hamda uning huzuridagi Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda 381 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. Ushbu ko‘rsatkich 2021 yilda 177 marotabani tashkil etgan.

Shuningdek, Ombudsmanga mahkum va mahbuslardan kelib tushgan shikoyat va arizalar o‘rganib chiqilishi natijasida prokuratura idoralari tomonidan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi 43 ta qaror bekor qilinib, qo‘shimcha surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish belgilandi. 21 ta murojaat bo‘yicha tegishli sudlar tomonidan 52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilrog‘iga almashtirildi, 13 nafar ayblanuvchiga nisbatan tanlangan ehtiyot chorasi yengilrog‘iga o‘zgartirildi. 17 nafar mahkumning (mahbusning) oila aʼzolariga moddiy va ijtimoiy ko‘mak berildi. 21 nafar mahkum insonparvarlik tamoyili asosida, yashash joyiga yaqin bo‘lgan hududdagi koloniyaga o‘tkazildi.

Shuningdek, 9 ta shikoyat yuzasidan 11 nafar xodimga nisbatan intizomiy taʼsir choralari qo‘llanilgan va 1 ta shikoyat yuzasidan 1 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan, shuningdek prokuratura idoralari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarga ko‘ra, 3 nafar mahkumga qo‘llanilgan intizomiy taʼsir chorasi noqonuniy deb topilgan va bekor qilingan.

2 ta shikoyat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan olib borilgan tergov harakatlari davomida ichki ishlar va sog‘liqni saqlash vazirliklari tizimlarining 2 nafar xodimlariga nisbatan Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, Ombudsmanning milliy komissiyalardagi faoliyati, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, bolalar huquqlarini himoya qilish, faoliyatning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, ayniqsa, Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holatlar va voqealarni o‘rganish bo‘yicha komissiya faoliyatidagi ishtiroki keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Majlisda Ombudsmanga eng ko‘p murojaat yo‘llangan hududlardagi muammolarni tahlil qilgan holda takroriy murojaatlarni kamaytirish, fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan qonunda belgilangan taʼsir choralaridan keng foydalanish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida targ‘ibot tadbirlarini yana-da kuchaytirish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda monitoring tadbirlari natijadorligiga alohida eʼtibor qaratish yuzasidan takliflar ilgari surildi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati