Fuqarolar murojaatlarida ijtimoiy yordam olish, uy-joy, ishga tiklash, sud hukmidan norozilik, jazoni ijro etish muassasasiga monitoring o‘tkazish, davlat tashkilotlari rahbarlari qabuliga kirish va boshqa masalalar ko‘tarildi.
Ombudsman qabuliga kelgan har bir murojaatchi qabul qilindi. Ombudsman vakolatiga kirmaydigan masalalar bo‘yicha murojaat qilmoqchi bo‘lgan fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berildi.
Qayd etish lozimki, ko‘pincha Ombudsman qabuliga boshqa shaxs nomidan murojaat qoldirmoqchi bo‘lgan shaxslar ham keladi. Eslatib o‘tamiz, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunining 6 moddasida murojaat etuvchilarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi shartligi belgilangan. Shuning uchun bu kabi hollarda murojaat qoldirmoqchi bo‘lgan shaxs, murojaat egasining nomidan harakat qilish uchun “ishonchnoma”ni (advokatlar orderni) taqdim etishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, fuqarolar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillariga ham murojaat qilishlari mumkin. Ularning ism-shariflari, vazifalari, qabul kunlari, manzili va telefon raqamlari haqida ombudsman.uz sayti orqali maʼlumotga ega bo‘lishingiz mumkin.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati